12:11 / 15.06.2015
2036

O‘z vaqtida Pele bilan futbol bo‘yicha ikki karra jahon chempioni bo‘lgan Zito hayotdan ko‘z yumdi

Braziliya terma jamoasi safida futbol bo‘yicha ikki karra jahon chempioni bo‘lgan Joze Eli de Miranda (Zito) 82 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Braziliyaning “Santos” klubi matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Barchasi uchun rahmat, Zito. Oxirating obod bo‘lsin, abadiy sardor”, deb yozildi klubning tvitterdagi mikroblogida.

Zitoning o‘limi sabablari ma'lum qilinmayapti. Biroq bundan bir kun oldin afsonaviy futbolchi insult tashxisi bilan shifoxonaga yotqazilgan edi.

Zito Pele bilan Braziliya terma jamoasi va “Santos” klubida to‘p surgan. Yarimhimoyachi sifatida o‘ynagan futbolchi terma jamoa safida 50 dan ko‘proq uchrashuv o‘tkazgan. Futbolchi 1958 va 1962 yillardagi jahon chempionatlarida g‘alaba qozongan. “Santos” klubi safida ikki marta Libertadores kubogi va Qit'alaro kubogini qo‘lga kiritgan.
O‘zining o‘yin uslubi, maydondagi ishonchli harakatlari va yetakchilik sifatlari tufayli “Jyerenti” – “Xo‘jayin” laqabini olgan.

Top