07:58 / 15.06.2015
2249

Xitoyda O‘zbekiston-Xitoy siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi

2015 yilning 14 iyun kuni Jichjao (XXR) shahrida O‘zbekiston va Xitoy Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 13-raundi bo‘lib o‘tdi.

Xitoy tomonidan XXR tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chen Gopin boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Muloqot davomida ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari hamda 2013 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonda va 2014 yilning may oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Uchrashuvda muntazamlik kasb etgan O‘zbekiston-Xitoy siyosiy muloqoti hamkorlikning barcha sohalarida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilikning serqirra munosabatlarini izchillik bilan rivojlantirishga va mustahkamlashga zamin yaratishi qayd etildi.

Tashrifning ikkinchi kuni Jichjao shahrida O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasining 3-majlisi va O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi ochiladi. Ushbu tadbirlarda savdo-iqtisodiy, moliya va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Ta'kidlanganidek, 2007 yildan buyon ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 6 barobarga oshib, hozirda 5,2 mlrd AQSh dollaridan ziyodroqni tashkil etmoqda.
Uchrashuv davomida madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari hamda global va mintaqaviy muammolar ko‘rib chiqildi.

Top