13:34 / 16.06.2015
2358

Londonda «O‘zbek kinosi kuni» bo‘lib o‘tdi

2015 yil 11 iyun kuni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi o‘zbek kinematografiyasini xalqaro maydonda targ‘ib qilish maqsadida «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda Londonda «O‘zbek kinosi kuni» tadbirini uyushtirdi.

O‘zbekistonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qo‘shma Qirolligidagi favqulotda va muxtor elchisi Otabek Akbarovning so‘zlariga ko‘ra mazkur madaniy-ma'rifiy tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizning bugungi farovon hayoti va xalqimizning milliy qadriyatlarini London jamoatchiligiga namoyish etishdan iborat edi.

London-Siti ishbilarmonlar markazida joylashgan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki bosh qarorgohi kinozalida tashkil etilgan va 300ga yaqin kino ixlosmandlari yig‘ilgan tadbirda rejissyor Mirmaqsud Oxunov tomonidan 2008 yilda suratga olingan «Shabnam» badiiy filmi namoyish etildi.

«O‘zbekkino» MA mas'ul xodimi Asya Batrayevaning qayd etishicha davlat va xususiy kinostudiyalar hamkorligining yorqin namunasi bo‘lgan mazkur film O‘zbekistonda katta shuhrat qozonib, kassabopligi va internetda auditoriya to‘plash borasida yetakchi bo‘lgan.

Namoyishdan so‘ng tomoshabinlar film ijodiy guruhi vakillari bilan uchrashib, O‘zbekistonda kino san'atining joriy rivoji va istiqboli haqida ma'lumot olishdi.

«Ushbu film dramaturgiya jihatdan sodda, unda o‘tkir syujyet liniyasi yo‘q, albatta. Bizning qahramonlarimiz o‘zligini, sevgisini anglashga harakat qilib, oddiy insoniy baxtga erishishga intiladi. Bu kabi filmlarda asosiy konflikt yoshlarning tanlov erkinligi hamda ularning keksa avlod vakillari bilan munosabatlari hisoblanadi», – deydi film rejissyori Mirmaqsud Oxunov. 


Top