18:56 / 16.06.2015
5680

Toshkentlik ota o‘zining autizmga chalingan o‘g‘li yo‘qolib qolmasligi uchun maxsus futbolka yaratdi

Toshkentda yashovchi 35 yoshli Farhod Ortiqboyev autizm kasalligidan aziyat chekuvchi o‘zining 10 yashar o‘g‘li Muhammadali uchun antiqa futbolka o‘ylab topdi. Farhodning o‘g‘li kasalligi tufayli gapirishni bilmaydi va odamlarga tik qaray olmaydi, shuning uchun bola biror notanish joyda bir o‘zi qolib ketsa, uning futbolkasida qo‘ng‘iroq qilish iltimosi yozilgan yozuv bu vaziyatdan chiqishning yangi yaxshi usuli bo‘lmoqda. “Qo‘ng‘iroq qilish haqidagi iltimos futbolkaning oldi va orqa tomonida rus va o‘zbek tilida yozilgan”, deb aytmoqda Farhod o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Yaqinda Muhammadali yo‘qolib qolib, uni mashina urib ketishiga bir bahya qolgan. Uni ko‘rib qolib, mashinasiga o‘tqazib, onasi kelguncha olib o‘tirgan noma'lum haydovchining yordami tufayligina barchasi yaxshilik bilan tugagan.

“Men bu haydovchini qidiryapman, uni juda yaxshi inson deb bilaman. O‘g‘lim orqamdan yugurib chiqib, katta ko‘chaga chiqib ketgan. Mashinalar uni ko‘rib to‘xtashni boshlashgan va avariya sodir bo‘lishiga sal qolgan. Kimdir o‘g‘limga baqirishni boshlagan, axir u ko‘rinishidan oddiy boladan hech qanday farqi yo‘q. Biroq faqatgina shu haydovchi mashinadan tushib, uni qo‘lidan yetaklab mashinasiga olgan. U ota-onam va rafiqam chiqmaguncha 15 daqiqa o‘g‘limni mashinasida olib o‘tirgan. Men bu insonga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman, axir u sabr qilib, kimdir chiqishini poylab o‘tirgan. Agar u uni militsiyaga olib borganda ham yaxshi bo‘lardi, biroq biz uning o‘sha yerdaligini aniqlagunimizcha, yuragimiz dosh bermasdi”, deb yozmoqda Farhod.

“Ko‘pchilik odamlar yo‘qolib qolgan bola har doim yig‘lab, yordam so‘rab baqiradi deb o‘ylashadi, biroq har doim ham bunday bo‘lmaydi. Men bu holatdan darak topib uydagilarimni xabardor etgan qo‘shnilarimdan ham minnatdorman. So‘zim yakunida shuni aytmoqchiman: agar siz futbolkasida yordam so‘zlari yozilgan bolani va uning yonida hech kim yo‘qligini ko‘rib qolsangiz, unda sizdan iltimos, yozuvdagi telefon raqamini terib, bu haqda xabardor etib qo‘ying. Bizlar bolalarimizning kasaliga qaramasdan ularni juda yaxshi ko‘ramiz. Bizlar ularning yaxshi bo‘lib ketishlari uchun tunu-kun kurashamiz. Iltimos, vaqtingizni ayamay, qo‘ng‘iroq qiling. Ular biz uchun juda qadrli. Va asosiysi, Tangri doimo biz bilan. U bizning go‘zal bolalarimizni o‘z panohida asraydi”, deb ogohlantirmoqda Farhod Ortiqboyev.

Farhod Ortiqboyev “Miloserdiya.ru” muxbiriga o‘g‘lining ismini mashhur bokschi Muhammad Alining sharafiga qo‘yganini va uning o‘g‘li “atipik autizm” tashxisi qo‘yilgan O‘zbekistondagi birinchi bola ekanligini ma'lum qildi.

“Bizda bunday narsalarni gapirish odat qilinmagan. Yaqindangina vaziyat o‘zgara boshladi. Men 2 oy oldin “Farishta” klubini tashkil qildim, bu yerda rivojlanishida o‘ziga xos chetlanishlar bor bolalarning ota-onalari yig‘ilishadi. Hozirda o‘nga yaqin odam muntazam yig‘ilib turadi”, deb aytmoqda Farhod.

Farhod Ortiqboyev o‘g‘liga o‘xshash bolalarni topish va ularning aynan shunday ekanligini aniqlashning uchta qoidasini eslatib o‘tdi.

1. Har doim yordam berish haqida so‘ramaydi

Rivojlanishida chetlanishlar bor bola yig‘lamasligi va yordam berishni so‘rab baqirmasligi mumkin. U hech narsa bo‘lmagandek quvnoq yurishi mumkin. Agar siz yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmayotgan, hayqirgancha doira bo‘ylab yugurib yurgan, sizga e'tibor bermay va sizning gapingizni anglamayotgan bolani ko‘rib qolsangiz, unda darhol uni militsiya punktiga olib boring yoki militsiyaga xabar bering. Ruhiy va nevrologik muammolarga ega bolalar har doim ham sizdan yordam so‘ray olmasligi mumkin. Ular qo‘rqishadi, lekin har doim buni ochiqchasiga ko‘rsata olishmaydi.

2. Nodoatiy kiyingan bo‘lishadi

Ruhiy chetlanishga ega bolalar ikki xil poyabzal kiyib olgan yoki umuman yalangoyoq bo‘lishi mumkin. Maykasi noto‘g‘ri kiyilgan yoki issiq havoga qaramasdan boshiga qishki bosh kiyim kiyib olgan bo‘lishi mumkin. Bunday bolani ko‘rib qolsangiz, uni kuzatib turing. Ko‘pincha bunday bolalar ko‘chaga uyida qanday kiyimda bo‘lsa shunday chiqib ketadilar. Yoki iflos kiyimda bo‘lishlari mumkin – bu ham muhim alomat hisoblanadi. Buni payqash qiyin emas: bola noto‘g‘ri kiyingan bo‘lsa, siz buni darrov payqaysiz. Bunday holatning guvohi bo‘lsangiz kulib, befarq o‘tib ketmang, sizning e'tiboringiz bolaga yordam beradi.

3. Qo‘shni va do‘stlaringiz sizning yordamchilaringiz

O‘z bolangizdan uyalmang: agar u gaplashmasa va gap tushunmasa, bundan yon-atrofdagilaringizni, qo‘ni-qo‘shnilarni xabardor qilib qo‘ying. Agar siz yashaydigan joyda ishongan do‘stlaringiz bo‘lsa, ularga vaziyatni tushuntiring. Bundan xabardor bo‘lgan qo‘shnilaringiz farzandingiz yolg‘iz ketayotganiga e'tibor beradi. Qanchalik ko‘p odam bilsa, shunchalik ko‘p odam bundan xabardor bo‘ladi. Hattoki siz bilan aloqa qilmaydigan odamlar ham ko‘cha-kuyda buni eshitib, bundan xabardor bo‘ladilar. Balki farzandingizning ustidan kularlar, biroq uni ko‘radilar va bu katta plyus bo‘ladi. Ular sizga farzandingizni ko‘rganlarini aytishlari mumkin va bu eng asosiysidir”.

Farhod o‘ziga “G‘ururli farzandning g‘ururli otasi” degan yozuvli futbolka ham tayyorlatgan.

Top