20:34 / 17.06.2015
3201

500 o‘quvchi “Intellektual rivojlanish yozgi oromgohi”ga bepul yo‘llanmalar oldi

Ayni kunlarda R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqali akademik litseyida umumiy o‘rta maktab o‘quvchilari orasida “Bilimlar bellashuvi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Tanlovning final bosqichida ishtirok etish uchun Toshkentga “Intellektual rivojlanish yozgi oromgohi”ga bepul yo‘llanmalar olgan oldingi uch bosqichning 500 nafar g‘olibi tashrif buyurdilar. Oromgohda 1-smena 18 iyundan boshlanib, 29 iyungacha davom etadi, 2-smena esa 1–12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘quvchilar dam olishga borishlaridan oldin o‘z bilim va malakalarini ko‘rsatishlari va “Bilimlar bellashuvi” tanlovining 1-o‘rnini qo‘lga kiritish uchun kurashishlari kerak bo‘ladi. Bilimlar bellashuvi an'anaviy ravishda 5-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 17 ta umumta'lim fani bo‘yicha o‘tkaziladi. Joriy yilda hammasi bo‘lib tanlovning birinchi bosqichlarida butun respublika bo‘yicha 2 mln 100 ming o‘quvchi bellashdi.

Aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar g‘oliblari 17 iyun kuni ma'lum bo‘ladi. 29-30 iyunda falsafa yo‘nalishidagi fanlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Xalq ta'limi vazirligining ta'kidlashicha, bellashuv o‘quvchilarning iste'dodini aniqlash va sog‘lom raqobat vositasida bilimlar olishga qiziqishini rivojlantirishdan tashqari, Davlat ta'lim standartlari talablarining bajarilishini tahlil qilishga imkon beradi.

An'anaga ko‘ra, bellashuvda yuqori natijalar ko‘rsatgan 500 nafar eng yaxshi o‘quvchi Chimyon etagida joylashgan “Quyoshli” oromgohida xordiq chiqaradilar. Bundan tashqari, har bir viloyatda 100 nafar o‘quvchiga (respublika bo‘yicha hammasi bo‘lib 1400 nafar o‘quvchi) eng namunali oromgohlarda viloyatlar “Intellektual rivojlanish oromgohlari” tashkil etiladi. Bolalar oromgohlarda nafaqat xordiq chiqaradilar, balki har bir fan bo‘yicha yetakchi fan arboblari, madaniyat va san'at vakillari ishtirokida fan kechalari, master-klasslar, viktorina, tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Top