16:22 / 17.06.2015
23340

Bugungi o‘zbek futboli haqida she'r

O‘tgan safargi jahon chempionatini chetdan turib kuzatishga majbur bo‘lgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakillari bu galgi saralash bosqichi bahslarida ham u qadar kuchli bo‘lmagan KXDR terma jamoasiga qarshi o‘ynab, 4:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu natija ko‘pchilik o‘zbek futbol ishqibozlarini yana bir bor ranjitdi. Shu munosabat bilan Sizlarga o‘zbek futboli haqidagi she'rni taqdim etamiz. 

SO‘Z GOLI

(Terma jamoa hamda bazi sharhlovchilarga)

 

Bizning terma jamoamiz zo‘r,

Terlab-pishib olingan terib,

O‘ynashlarin ko‘rmadim men ko‘r,

Jonlarini Jabborga berib.

 

Futbolchiga xoslik yo‘q qonda,

Biznikilar o‘zlaricha bek.

Raqib-la teng chopmas maydonda,

Oyog‘iga tosh osilgandek.

 

Sharhlovchilar qiynab jonimni,

Maqtashar yutqazib tursa ham.

Maqtar yana ichib qonimni,

O‘z-o‘ziga gollar ursa ham.

 

Ob-havoni tinch quymay takror,

Maydon chatoq, derlar ayozda.

Asli, bizning yigitlar shunqor,

Yuz gradus issiq, der yozda.

 

Yo hakamga otamiz kesak,

Yoki halal beradi safar.

Muhim o‘yinlarda yutqazsak,

Shartmas joyda quchamiz zafar.

 

Xaqdir hakam qilgan xulosa,

Foyda bermas, ming faryod qilgin.

Bitta goling hisoblamasa,

Uchta urib uni mot qilgin.

 

Der, umid bor hali g‘am yema,

Kuchlilarni Yaratgan qo‘llar.

Beshtalab gol urdik-ku dema,

Kimga kerak, keraksiz gollar.

 

Futbolchimiz degan har biyron,

El-yurt sha'nin o‘ylasin endi.

Old Trafford kabi zo‘r maydon,

Qurib berdik, o‘ynasin endi.

 

Zo‘r o‘ynasa, yaxshi de, mayli,

Maqtab-maqtab mayli to‘y, zang‘ar.

Yutqazgan payt qilib chiroyli,

Aybini ham aytib qo‘y, zang‘ar.

 

Yosh-bolajon futbolchilarni,

Tanish-bilish maktab o‘ldirdi.

Bu chalajon futbolchilarni,

Sharhlovchilar maqtab o‘ldirdi.

 

Qolmoqdamiz mana shuncha yil,

Mundialning yarim yo‘lida.

Taqdirimiz negadir nuqul,

O‘zga termalarning qo‘lida.

 

Ko‘p yigitlar termaga mosmas,

Naf keltirmas ichi bo‘sh terak.

To‘p ortidan choptirmasdan bas,

Ularga yer choptirish kerak.

 

Gaplarimdan gar ranjisa kim,

Nishon qilmay tursin toshlarga.

Maqsadim bir, achchiq so‘zlarim,

Zora ta'sir qilsa yoshlarga.

 

Ne qilardik, qilamiz toqat,

Tola bo‘lar bir kun chigitlar.

Mundialga loyiqdir faqat,

Vatan hissin tuygan yigitlar.

 

BIR XIL MAYDON

Bolajonim, yuragimning o‘rtasi cho‘g‘,

Miltiqdaysan shiddating ham go‘yoki o‘q.

Lek menga ayt, nega o‘zbek futbolining –

Dunyoni lol aylaguvchi Pelesi yo‘q?

 

Boya aytdim shiddatlaring shamoldan zo‘r,

Bo‘y-basting ham joy-joyida, emassan g‘o‘r.

Yo sen kuchli futbolchimas, yo bo‘lmasa,

Sen zo‘rsanu, men muxlisning manglayi sho‘r.

 

Yo g‘ururing yuragingda gulday so‘lgan,

Yo hozirgi o‘yiningdan ko‘ngling to‘lgan.

Bilib qo‘ygin sening bobong Sohibqiron,

Ronalduning bobosidan kuchli bo‘lgan.

 

Xudoyimning ishiga men qozimasman,

Ammo o‘ta qaysar, o‘ta injiq kasman.

Bir xil maydon, bir xil imkon, bir xil inson,

Messidan zo‘r bo‘lmasang gar, rozimasman.

Botirjon Ergashev

Top