17:55 / 17.06.2015
2562

“Tashabbus-2015” respublika ko‘rik tanlovida “Mikrokreditbank” mijozi g‘olib bo‘ldi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mustaqillik yillarida mamlakatda asosiy farovonlik manbasiga, respublika iqtisodiyotining asosiga aylanib bormoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmon odamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e'tibor shundan dalolat bermoqda. Mamlakat prezidenti tashabbusiga ko‘ra har yili o‘tkaziladigan “Tashabbus” an'anaviy ko‘rik tanlovi buning yorqin misoli bo‘la oladi.
Joriy yilda ushbu tadbirda ishtirok etish bizning tashkilotimiz – Takro Osiyo MChJ uchun ham, men uchun ham, ushbu kompaniya rahbari sifatida, katta yangilik bo‘ldi. Tanlov jyurisi qaroriga muvofiq men “Yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasida bosh sovringa sazovor ko‘rildim. Men ushbu mukofot professional faoliyatimning yuqori darajada e'tirof etilishining belgisigina bo‘ldi, deb hisoblamayman. Men buni mamlakatimizda ishbilarmon odamlarga ko‘rsatilayotgan e'tiborning yana bir tasdig‘i deb hisoblayman.
Ishbilarmonlar harakatining qo‘llab-quvvatlanishi qay darajada salmoqli o‘rin tutishiga ko‘p bora amin bo‘lganman. Masalan, davlatimiz rahbari kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga doimiy e'tibor qaratadi, mamlakat rahbariyati tomonidan yil sayin bu yo‘nalishda qat'iy choralar ko‘rilmoqda. Natijada o‘z ishingni boshqarish jarayoni sezilarli darajada yengillashmoqda, tadbirkorlar uchun yangi imtiyozlar va preferensiyalar yaratilmoqda, biznesga ko‘mak beruvchi yangi samarador strukturalar yuzaga kelmoqda, ijobiy ishbilarmonlik muhiti shakllanmoqda.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ichida bir eng muhim yo‘nalishni ajratib ko‘rsatishim mumkin – tijorat banklari bilan hamkorlik qilishda ochiqlikni oshirish, yangi biznes yaratish va rivojlantirish uchun kreditlarning borligi. Axir, barchaga yaxshi ma'lumki, tadbirkorlikda moliyaviy resurslar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu haqda men o‘z korxonam misolida gapira olaman, biz ham bank kreditlari yordamida yangi bosqichga ko‘tarila oldik.
Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan Takro Osiyo MChJ 2009 yili yaratilgan bo‘lib, paxta ip gazlama matolari va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Vaqt o‘tishi bilan korxona bosqichma-bosqich o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini oshirib bordi, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirib bordi, o‘z mahsulotlarini yetkazish geografiyasini kengaytirib bordi. Ishlab chiqarish modernizatsiyasini amalga oshirish uchun korxonaga qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish talab etilardi. Shu maqsadda kompaniya rahbariyati tomonidan bank kreditlariga murojaat qilindi, xususan, “Mikrokreditbank” bilan hamkorlik o‘zini butunlay oqladi. Ushbu moliya muassasasi tomonidan taqdim etilgan mablag‘ yangi yuqori ishlab chiqarish salohiyatiga ega tekstil jihozlarini xarid qilishga yo‘naltirildi.
Natijada ishlab chiqarish hajmi va mahsulot sifati sezilarli darajada o‘sdi, endi u deyarli to‘la hajmda eksport qilinadi va tashqi bozorlarda yaxshi talabga ega. Bugun korxona 250dan ortiq xorijiy sheriklar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda, mahsulotning xaridorgirligini oshirish maqsadida Rossiyada savdo uyi ochildi. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi tushirilgan mahsulotga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga chiqarilayotgan tovarlar sifatini o‘stirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar sabab bo‘lmoqda. Bu yo‘nalishdagi maqsadli chora-tadbirlar tufayli bugun ishlab chiqarishda sifat boshqaruvi tizimi joriy qilingan bo‘lib, u xalqaro ISO 9001:2008 standartiga mos keladi.
Tekstil sanoatining quvvatining oshib borishi munosabati bilan xodimlar shtati ham ancha kengaydi. Bugun korxonada 140 kishi ishlamoqda, ulardan 70 nafari yosh mutaxassislardir. Oxirgi vaqtlarda ishga 27 nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari olindi. Korxona faoliyatining eng katta natijalaridan biri eksportning oshishi bo‘ldi. Xususan, o‘tgan yili 1 mln 36 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

“Tashabbus-2015” respublika ko‘rik tanlovi chog‘ida olingan mukofot butun korxona faoliyatiga berilgan yuqori baho bo‘ldi. Bu ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha biz va bizning hamkorlarimiz tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlarning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Korxona oldida yangi maqsadlar turibda va biz biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar tufayli ularga albatta erishishimizdan umid qilamiz.
Kamoliddin G‘iyosov,
Takro Osiyo MChJ rahbari

Top