12:53 / 17.06.2015
2591

Toshkentdagi AQSh elchixonasi viza tizimlaridagi texnik muammolar yuzasidan tushuntirish berdi

Butun jahon bo‘yicha AQSh elchixonalarida, texnik muammolar sabab, vizalar berilishi vaqtincha to‘xtatilgandi.

Shu masala yuzasidan AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati o‘zining feysbukdagi sahifasida tushuntirish berdi.

“Shu kunlarda AQSh Davlat departamenti Konsullik masalalari byurosining viza tizimlarida texnik muammolar ro‘y beryapti. Mazkur nosozlik muayyan mamlakat yoki viza toifasi bilan cheklanmagan. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va texnik muammolarni zudlik bilan hal etish hamda tizimlarimizning to‘la qonli ishini tiklash ustida ish olib boryapmiz.

Hozirgi vaqtda biz 2015 yil, 8 iyundan keyin ma'qullangan immigratsion va noimmigratsion vizalarning aksariyatini chop eta olmayapmiz. Shuningdek, DS-160 Internet-anketalarini 2015 yilning 9 iyunidan keyin to‘ldirgan noimmigratsion vizalarga murojaat etuvchilar o‘zlari belgilagan kunda suhbatdan o‘ta olishlariga kafolat bera olmaymiz. Agar safar rejalaringiz suhbatingiz kunini iyul yoki avgust oyigacha qoldirishga imkon bersa, sizga suhbatingiz kunini o‘sha vaqtga o‘zgartirishingizni tavsiya etamiz.

2015 yil, 26 maydan 14 iyungacha bo‘lgan davrda chet eldagi vakolatxonalarimizda qabul qilingan AQSh pasportiga murojaatlarni ma'qullash ham shu muammolar ta'siriga uchraydi. Agar shu davrda AQSh pasportiga murojaat etgan bo‘lsangiz va keyingi 10 ish kuni ichida zarur safarga ketishingiz shart bo‘lsa, shoshilinch pasport olish tartibini bilish uchun AQSh elchixonasi bilan consulartashkent@state.gov manzili orqali yoki +99871-120-5450 telefon raqami orqali bog‘laning”, deyiladi murojaatda.

Top