14:00 / 19.06.2015
2073

AQShda 9 afroamerikalikni o‘ldirgan 21 yoshli qotil qo‘lga olindi

AQShda Charlston shahridagi (Janubiy Karolina shtati) cherkov jamoatining 9 nafar a'zosini o‘ldirgan qotil qo‘lga olindi. U 21 yoshli Dilan Ruf ismli yigit bo‘lib chiqdi.
CNN telekanalining ma'lum qilishicha, uning tomonidan o‘ldirilgan odamlarning bari afroamerikaliklar bo‘lgan.

Ruf qo‘shni Shimoliy Karolina shtatida qo‘lga olingan. Aytilishicha, yonida to‘pponcha bo‘lishiga qaramay, u politsiyaga qarshilik ko‘rsatmagan.
Sodir etilgan qotilliklarning asosiy motivi irqiy nafrat bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda, ammo tergov bu borada aniq ma'lumotlarga ega emas.
Ruf qo‘lidan halok bo‘lgan ruhoniyning qarindoshi NBC kanaliga bergan intervyusida yigit jinoyat oldidan cherkovga kelib, bir soatcha Bibliyadan iqtiboslar tinglab o‘tirganini, so‘ng to‘satdan o‘rnidan turib, qora tanli jamoat vakillarini haqorat qila ketganini aytgan. “Men bu ishni qilishim kerak. Sizlar bizning ayollarimizni zo‘rlayapsizlar, sizlar mamlakatimizni qo‘lga olmoqchisiz. Sizlardan qutulish kerak”, – degan ularga qarata Ruf.
Charlston fojia munosabati bilan AQSh prezidenti Barak Obama chiqish qildi. O‘z chiqishida u, xususan, amerikalikni qurol olib yurish masalasiga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Dilan Ruf 17 iyun kuni mahalliy cherkovga kirib, afroamerikalik odamlarga qarata o‘t ochgan. Natijada voqea joyida 8 kishi halok bo‘lgan. Yana bir kishining joni shifoxonada uzilgan.

Top