07:14 / 22.06.2015
8812

Olma-ota politsiyasi internetda paydo bo‘lgan mudhish videoga izoh berdi

Olma-ota Ichki ishlar departamenti internetda kuni-kecha paydo bo‘lgan mudhish videogo izoh berib o‘tdi

Ijtimoiy tarmoqlarda noma'lum shaxs boshqa bir erkakni yo‘l chetida bo‘g‘ayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Ushbu videoni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga Kuanish Yegimbayev ismli foydalanuvchi joylashtirgan. “Mana tarmoqda qanday video yuribdi. Kuppa-kunduzi bir odam o‘ldirilmoqda va hech kim pinagini ham buzmayapti. Ko‘rinishidan bu Olma-otada, Rayimbek ko‘chasida sodir bo‘lmoqda”, deb yozdi foydalanuvchi bu videoga izoh berib.

Videoda noma'lum erkak yo‘l chetida turgan mashina yonida boshqa bir erkakni bo‘g‘izlab, uning boshini mashinaga bir necha marta urgani va shundan keyin jabrlanuvchi yerga yiqilgani aks etgan. Ushbu holatni videoga olgan qizlar (videoda ularning ovozi eshitilib turibdi) jabrlanuvchi o‘lgan deb taxmin qilishgan. Videoda yon-atrofdan o‘tib ketayotgan haydovchilar, yo‘lovchilar bu voqeaning guvohi bo‘la turib, e'tibor bermayotganlarini ko‘rish mumkin.

Ushbu holat yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan tekshiruv ishlari tashkil etilib, videoda aks etgan ikkala mashina haydovchilarining shaxsi aniqlandi.

Politsiyada ta'kidlanishicha, politsiyachilar videokuzatuv kameralari yordamida bu mashinalarning harakatlanish yo‘nalishini o‘rnatib, sodir bo‘lgan voqeadan biroz avvalroq mashinalar haydovchilari o‘rtasida yo‘lda nizo chiqqani hamda mashinalar Rayimbek ko‘chasida to‘xtaganlaridan keyin haydovchilardan biri boshqasiga tan jarohatlari yetkazayotganini aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. So‘ngra zo‘ravon va uning sherigi o‘z mashinalariga o‘tirib voqea joyidan ketishgan.

“Hozircha ushbu holat yuzasidan politsiyaga hech kim murojaat qilmadi. Bundan tashqari, hech kim bu haqda “102” pultiga ham xabar bermagan. Ayni paytda Olma-ota Alatau tumani ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan voqeaning aniq tafsilotlarini o‘rnatish bo‘yicha tegishli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tergov tomonidan zo‘ravonlik qilgan shaxsning xatti-harakatlariga tegishlicha baho beriladi”, deyilmoqda politsiyada.

Jabrlanuvchining ahvoli noma'lumligicha qolmoqda. U shifoxonada bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Top