13:56 / 23.06.2015
2669

“Titanik” filmi bastakori aviafalokat oqibatida halok bo‘ldi

Gollivudning mashhur “Titanik” filmi va boshqa ko‘plab filmlariga kuylar bastalagan gollivudlik mashhur bastakor Jyeyms Xorner Kaliforniya shtatining janubida samolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi.

Avvalroq Xornerning bir motorli shaxsiy samolyoti Santa-Barbara yonida falokatga uchragani ma'lum qilingandi. Samolyot bortida faqat uchuvchining o‘zi bo‘lgan, biroq uning shaxsini tasdiqlanmagandi. Bastakor advokati “agar Jyeyms samolyotda bo‘lmaganda, u qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lardi” deb samolyotda bastakorning o‘zi bo‘lganiga sha'ma qilgan.

Xornerning halok bo‘lgani uning yordamchisi Silviya Patritsiya tomonidan tasdiqlandi.

“Biz ulkan qalb va noyob iste'dod egasi bo‘lgan ajoyib insonni yo‘qotdik. U o‘zi yaxshi ko‘rgan mashg‘uloti ustida halok bo‘ldi”, deb yozdi Patritsiya o‘zining Facebook`dagi sahifasida.

Xorner Gollivudning eng mashhur bastakori deb e'tirof etiladi. Bastakor ikkita “Oskar” mukofotini olgan “Titanik” filmidan tashqari, “Sheryurak”, “Kuz afsonasi”, “Jasorat” va “Tafakkur o‘yinlari” kabi mashhur filmlarga ham kuy bastalagandi.

Top