16:28 / 23.06.2015
5202

Azamat Abduraimov O‘zbekiston terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlanganini ijobiy baholadi

O‘zbekistonlik sobiq futbolchi Azamat Abduraimov milliy terma jamoaning murabbiylar shtabida yuz bergan o‘zgarishlarga munosabatini bildirdi. Bu haqda u o‘zining feysbukdagi sahifasida yozib qoldirgan.

"Men bu o‘zgarishdan hayratga tushmadim, barchasi shunga qarab ketayotgandi. Bu kutilayotgan holat edi. Eng muhimi jamoaning ichi va uning atrofidagi sharoit qanday ekanligi unga muhim bo‘lmay qolgandi. Mirjalol Qosimov esa menimcha, doimiy tarzda bosim ostida qolayotgani uchun ortiq ishlashni istamay qolgandi. Federatsiya uning iste'fosini qabul qilgani yaxshilikka bo‘ldi. Lekin har qanday holatdayam O‘FF Qosimov bilan iliq munosabatda xayrlashdi. Uning terma jamoadagi faoliyati alohida qayd etib o‘tildi. Bu eng muhim vaziyat.

Menimcha, uning o‘rniga Samvel Babayanning tayinlanishi eng to‘g‘ri tanlov bo‘ldi. Bu haqda anchadan buyon gap bo‘lib kelayotgandi. Bu mutaxassis ichki chempionatdagi yutuqlari orqali bu o‘ringa munosibligini isbotlab qo‘ygan. Qolaversa, u aqlli va tajribali menejyer hisoblanadi. Uning bu jihatlari kuchli jamoa va yakdil murabbiylar shtabini tashkil qilish uchun kerak bo‘ladi. U tashkil qiladigan tizimda har bir mutaxassis o‘z ishi uchun javob beradigan bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bundan oldin esa bu borada tartibsizlik kuzatilardi. Agar murabbiy o‘z kasbining haqiqiy ustalarini emas, o‘ziga yaqin bo‘lgan murabbiylarni tanlaydigan bo‘lsa... Bu kulguli va juda achinarli ko‘rinadi", deydi Azamat Abduraimov.

Shuningdek, uning fikricha, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy tayinlashda eng to‘g‘ri qaror qabul qilinmagan.
"Menga olimpiya terma jamoasiga tayinlangan murabbiy yoqmadi. Bosh murabbiy ham, yordamchi ham emas... Ular o‘smoqchimi o‘zi? Yoki terma milliy jamoadan yuqorida bo‘lmaslikmi?", deya o‘z fikrlarini yakunlagan murabbiy.

Top