19:45 / 23.06.2015
2753

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis karerini rivojlantirishga 101 mln dollar investitsiya kiritadi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2015-2016 yillarda kombinatning asosiy xomashyo bazasini tashkil qiluvchi “Qalmakir” konini rivojlantirishga 101 mln dollar investitsiya kiritadi.

Kombinat loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishni nihoyasiga yetkazdi va 2015 yilning ikkinchi yarmidan mis olishning eng samarali texnologiyasi sifatida g‘uj holda ishqor bilan yuvish jarayonini tatbiq qilish bo‘yicha ishlarni boshlaydi.

Loyiha mis ishlab chiqarishni qisqa muddatli istiqbolda 3-4 foizga oshirish imkonini beradi. Loyihani moliyalashtirish O‘zbekiston rekonstruksiya va rivojlanish fondining 41,3 mln dollarlik, O‘zbekiston banklarining 40,3 mln dollarlik kreditlari va kombinatning 19,4 mln dollarlik o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

“Qalmakir” konini o‘zlashtirish ishlari 1954 yildan beri olib boriladi. Bugungi kunda konning loyihaviy quvvati yiliga 31,5 mln tonna rudani tashkil qiladi. Konning geologik zaxiralari 2007 yilning 1 yanvariga 6,15 mln tonna mis, 94 ming tonna molibdenni tashkil qilgan edi. 2012 yilda kombinat konni kengaytirish bo‘yicha 122,2 mln dollarlik loyihani o‘z nihoyasiga yetkazgan edi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O‘zbekistonda mis ishlab chiqaruvchi yagona korxona hisoblanadi. Kombinat toza mis, metall rux, qo‘rg‘oshin konsentrati va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Kombinatning hisobiga O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan jami kumushning 90 foizi, jami oltinning 20 foizi to‘g‘ri keladi.

Top