21:05 / 23.06.2015
1785

O‘zbekistonda “Intellect2All” IT-loyihalari tanlovi saralash bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekistonda 17 iyundan “Intellect2All” Respublika IT-loyihalari tanlovining saralash bosqichlari boshlandi.

4 iyulgacha Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida tanlovning saralash bosqichlari va master-klasslar o‘tkaziladi.

Tanlovda 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etadi. Tanlov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Yoshlar tashabbuslari markazi tomonidan tashkil etilgan.

Loyihalar tanlovi uch yo‘nalish: “Veb-dastur”, “Mobil ishlanmalar” va “Virtual reallik uchun dasturiy ishlanmalar (Oculus Rift va Google Cardboard virtual reallik qurilmalari uchun)” bo‘yicha bo‘lib o‘tadi.

Tanlovning saralash qismi ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich “Zamonaviy axborot texnologiyalariga kirish” o‘quv treningi hisoblanadi. Bu bosqichda ishtirokchilar umumiy qiziqishlar va ijodiy g‘oyalar bo‘yicha 5 kishidan bo‘lib jamoalarga bo‘linadilar hamda birgalikda jamoa loyihasi konsepsiyasini aniqlashtirib oladilar.

Ikkinchi bosqichda bevosita loyiha ustida ish olib boriladi. Bu bosqichda ishtirokchilar ikki kun davomida trenerlar bilan birgalikda loyihani tayyorlash bilan shug‘ullanishadi va ikkinchi kun yakunlangandan keyin har bir jamoa o‘zining natijalari – loyiha prototipini taqdim qiladi. Taqdimotlar yakunlariga ko‘ra eng yaxshi jamoalar final bosqichga yo‘l oladilar.

O‘zbekistonning boshqa shaharlaridan ishtirok etishga ariza bergan tanlov ishtirokchilari o‘zlariga yaqin bo‘lgan saralash bosqichi olib borilayotgan shaharlardan biriga tashrif buyurib, tanlovda qatnashishlari mumkin bo‘ladi.

Tanlov finalida eng yaxshi axborot texnologiyalari ishlanmalari jamoalari nafaqat tanlovning bosh sovg‘asi – loyihaning birlamchi amalga oshirilishi uchun pul mukofoti bilan taqdirlanadilar, balki axborot texnologiyalari sohasidagi oxirgi yutuqlarga bag‘ishlangan bir qator master-klasslar va taqdimotlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar.

Top