17:49 / 23.06.2015
1989

O‘zbekistonlik ziyoratchilar "Umra-2015" Ramazon mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

«Umra-2015» mavsumini namunali tashkil etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 26 avgust kunidagi PF-3793 son Farmoni asosida tuzilgan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sayti xabar bermoqda.

Joriy yilning 6 iyulidan 11 iyul kuniga qadar «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerlarida o‘zbekistonlik ziyoratchilarni Ramazon oyidagi umra safariga yuborish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining hujjatlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi elchixonasiga viza rasmiylashtirish uchun tayyorlanmoqda.

Ramazon mavsumida jami 670 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 3ta charter aviareysida ziyoratga boradi.

Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 2 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Ziyoratchilarga safardan oldin davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, «Umra» qo‘llanmasi va videoyo‘riqnomalar taqdim etildi.

Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida «Masjidi nabaviy»dan 150 metr masofada joylashgan to‘rt yulduzli «Feyruz al-Xayr» mehmonxonasi, Makka shahrida esa «Xaram masjidi»dan 1500-2000 metr uzoqlikda joylashgan «Sovfat al-Miya'd» mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha va 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladi.

«Mehmonxonada ziyoratchilarimiz saharlik va iftorlik qilishlari uchun oshxona, sog‘liqlarini doimiy ravishda nazorat qilib turish maqsadida tibbiyot punkti tashkil etilgan. Har bir xonada televizor, muzlatgich, konditsioner va boshqa zarur anjomlar bilan ta'minlangan. Ziyoratchilarimiz sun'iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-869 son Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan «Haj» va «Umra» masalalari bo‘yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etiladi», — deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita saytidagi xabarda.


Top