19:35 / 24.06.2015
6765

Murabbiylar o‘qing! «Buyuk kamgap» Valeriy Lobanovskiyning futbol falsafasi

Butun dunyoga mashhur ukrainalik murabbiy marhum Valeriy Lobanovskiy tomonidan futbol taktikasi haqidagi kitob Italiyada chop etilganida uch soat davomida sotilib ketgan ekan.

Quyida matbuot bilan juda kam aloqa qilganligi sabab “badjahl ayiq” tahallusini orttirgan buyuk murabbiyning futbol haqidagi falsafiy fikrlarini taqdim etamiz.

- Murabbiy o‘yin "sxemasi"ni o‘zida mavjud futbolchilarga qarab tuza olmaydi. Bu jihat be'mazmun va kelajaksizdir. Taraqqiyot esa, murabbiy o‘yin modelini oldindan tasavvur qilib, shunga yarasha ijrochilarni tanlaganidagina bo‘ladi.

- To‘pni qabul qilib, yarim jamoani aldab o‘tish – individual mahorat degani emas. Qiyin vaziyatda qolib, soniyalarda to‘g‘ri xulosa qabul qila olish – individual mahoratdir. Men umuman dribling ko‘rsatmasdan ham jamoa uchun kerakli o‘yinchi bo‘lish mumkin, deb hisoblayman.

- Ko‘pchilik, Lobanovskiy futboldagi ko‘p g‘oyalarni o‘ylab topgan, deyishadi. Men hech qachon hech narsani o‘ylab topmaganman. Men faqat o‘qidim, o‘qidim va yana o‘qidim. Kimnidir g‘oyasidan nusxa ko‘chirish – keraksiz mashg‘ulot. Murabbiylik kasbi mazmuni esa, barchadan oldinda bo‘lishda.

- Murabbiylardan biri - jahon chempionatida biror yangilikni ko‘rmadim, deganida unga ko‘zoynak taqishni maslahat berishdi. Men ham shunday degan bo‘lardim. Haqiqiy murabbiy zamonaviy tamoyillarni e'tibor bilan kuzatib borishi, yangiliklardan boxabar bo‘lishi zarur. Har mavsumda doimgidek bir hil uslubni qo‘llamaslik kerak.

- O‘yin yoddan chiqadi, natijasi esa abadiy qoladi. Futbolning bor mazmuni natijadadir.

- Jurnalistlar o‘zlari yetarli bilimga ega bo‘lmagan holda futbolchi va murabbiylarga jiddiy ta'sir o‘tkazishadi. Soha egalari o‘z maqolalarini “mening fikrimcha” deb boshlashlari lozim. Jurnalistlarning o‘z nuqtai nazarlarini o‘quvchilarga singdirishga qilgan harakatlari menga umuman yoqmaydi.

- Futboldagi so‘ngi inqilob 1974 yili sodir bo‘lgan. Menimcha total futboldan kuchliroq narsani endi o‘ylab topa olmasalar kerak. Futbol gollandlar ko‘rsatgan evolyutsion rivojlanish yo‘lida hali uzoq yo‘l bosib o‘tadi.

- Murabbiy butun umri davomida o‘qishi - izlanishi lozim. Kim o‘rganmay qo‘ydimi – u murabbiy emas. Vaqtni aldab bo‘lmaydi

- Men urf (moda) ketidan quvadiganlar toifasidan emas, balki aqlga suyanib ish ko‘radiganlardanman.

- Boshida men futbolga kuchli aqliy mehnatdan dam oldiradigan mashg‘ulot sifatida qarar edim.

- Yoshligimdan o‘zimni ichki hissiyotlarni barchaga oshkor etmaslikka o‘rgatdim.

- Murabbiyni barcha futbolchilarga birdek yoqmasligi aniq. Bu jihatni tasavvur etib ham bo‘lmaydi..

- O‘zgalar muvaffaqiyatini xotirjam qabul qilish kerak. Hasad qilayapsanmi – mehnat qil va mablag‘ top. Afsuski, bizning mentaliletimiz hali u darajada yuqori emas.

- Faoliyatimdagi eng alamli mag‘lubiyat qaysi deysizmi? Hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Men g‘alaba va mag‘lubiyatlarni ajratib o‘tirmayman, chunki bu jihatlar jarayonning bir bo‘lagidir.

- Murabbiylik o‘yinchi bo‘lishdan ko‘ra qiyinroq. Maydonda sen to‘pni boshqarasan, maydon chetida esa insonlarni boshqarishga to‘g‘ri keladi.

- Futbol rivojlanishiga muxlislar “yulduz” deb ataydigan o‘yinchilar katta zarar yetkazadi. Ular mashg‘ulotlarda yanada kuchliroq bo‘lish uchun shug‘ullanish o‘rniga o‘z iqtidorlarini ekspluatatsiya qiladilar.

- Men – murabbiyman. Bu kasb – hayotim mazmunidir.

Elmurod ERMATOV

Manba: www.uff.uz

Top