12:05 / 25.06.2015
2162

O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida 50 kg miqdoridagi giyohvandlik vositalarini olib o‘tish to‘xtatib qolindi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari mamlakat hududi orqali Tojikistondan Qozog‘istonga giyohvandlik vositalarini olib o‘tish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruhni fosh etdi.

Tezkor xodimlar tomonidan olib borilgan uch bosqichli operatsiya davomida jinoiy guruhning barcha 11 nafar a'zosi qo‘lga olinib, ulardan 6 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilindi.

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro F.Xoliqova va uning qizi O.Nazarova Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani hududida bir kilogrammdan ortiq qoradori bilan qo‘lga olindi. Ma'lum bo‘lishicha, og‘ufurush ayollar qoradori moddasini qozog‘istonlik xaridorga yetkazib berishni rejalashtirgan ekan. Qisqa fursat ichida ularning yana ikki nafar jinoiy sherigi – Sh.Ravshanov va J.Mahmadullayev ham qo‘lga olindi. Ularga tegishli «VAZ-2106» avtomashinasining gaz balloni ichidan 12 o‘ramda, umumiy og‘irligi 3,5 kilogramm bo‘lgan qoradori moddasi topildi.

Operatsiyaning so‘nggi bosqichida fuqaro Sh.Usmonova 2 kilogramm qoradori moddasini fuqaro K.Meliqulovadan olib, xorijlik xaridorga yetkazib berishga uringan vaqtda Mirzacho‘l tumani hududida qo‘lga olindi. Tezkor tergov harakatlari natijasida kontrabanda tashkilotchisi, giyohvandlik vositalarini kutib turgan shaxs – Qozog‘iston Respublikasining Jyettisoy tumanida yashovchi B.Asilbekov hamda uning jinoiy sherigi, Mirzacho‘l tumani Gagarin shaharchasida istiqomat qilib kelayotgan D.Meliqulovlar ham qo‘lga olindi. B.Asilbekovning yonidan «Margolin» rusumli pistolet va uning yetti dona jangovar o‘qi topildi.

O‘tkazilgan yana bir tadbir natijasida qo‘shni davlatdan narkotik moddalar olib o‘tish «kanal»ini yo‘lga qo‘ygan jinoiy guruh faoliyatiga barham berildi. Jinoiy guruhga aloqador 7 nafar shaxs qo‘lga olinib, ulardan olingan 12 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositasi musodara etildi.

Tezkor tadbirlardan yana birida Tojikistondan yirik miqdordagi gihyovandlik vositalari mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldi olindi. Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududida harakatlanib borayotgan "Nexia" rusumli avtomashina to‘xtatib tekshirilganda 1984 yilda tug‘ilgan B.Mustafoyev hamda 1986 yilda tug‘ilgan N.Jumaboyev o‘zlari bilan xavfli yuk olib ketayotgani ma'lum bo‘ldi. Avtomashina gaz balloni ichidan ustamonlik bilan yashirib qo‘yilgan, umumiy og‘irligi salkam 11 kilogrammni tashkil etgan qoradori xolislar ishtirokida olindi. Qo‘lga olingan shaxslarning ko‘rsatma berishicha, ular "zahri qotil"ni o‘zlariga avvaldan tanish bo‘lgan tojikistonlik og‘ufurushlardan olib, uni yurtimizda pullashni rejalashtirgani aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l shahrida 1985 yilda tug‘ilgan M.Ismoilov boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatib tekshirilganda, undan xufiyona joylashtirilgan qariyb 15 kilogramm qoradori moddasi topildi. M.Ismoilovning ko‘rsatma berishicha, u "og‘u"ni Qozog‘istonga olib o‘tib, jinoiy sheriklariga sotishni mo‘ljallagan.

Ushbu 6 holatda jami 49,5 kg giyohvand moddasi musodara qilindi.

Barcha holatlar bo‘yicha jinoiy guruh a'zolari va jinoyatchilar sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Top