19:10 / 25.06.2015
4972

Ramazon: Yaxshilikka kirishing, yomonlikdan tiyiling!

Assalomu alaykum hurmatli tahririyat xodimlari! Barchangizni kirib kelgan ramazon oyi bilan muborakbod etaman. Har birimiz ramazon oyining nafaqat ro‘za, toat-ibodat, balki ezgulik, mehr-oqibat, xayrli amallar oyi ekanini bilamiz. Gazeta sahifalarda ana shu mavzuda mutaxassislarimiz, muhtaram ulamolarimizning axloqiy va ma'rifiy ruhdagi maqolalari chop etilsa nur ustiga nur bo‘lardi.

M.Imomov, Toshkent shahri

Go‘zal diyorimizda ezgulik, rahmat va mag‘firat oyi bo‘lmish Ramazoni shirifning fayzu shukuhi kezib yuribdi. Muhtaram Yurtboshimizning 2015 yil 16 iyunda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ushbu oyning mamlakatimizda yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishi uchun zamin yaratdi.

Yuksak e'tibor namunasi

Bugungi kunda O‘zbekistonimizning barqaror sur'atlar bilan rivojlanib, barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotganini, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osoyishta, farovon hayotni xalqimiz avvalambor Yaratganning marhamati sifatida shukronalik va rozilik tuyg‘usi bilan qabul qilmoqda. Bu borada ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lgan muborak Ramazon oyining ma'naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olib, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, diniy-ma'rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash katta ahamiyat kasb etadi.
Shu bois Yurtboshimizning mazkur qarorida Ramazon oyini milliy an'ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va hamohang tarzda o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Darhaqiqat, muborak Ramazon oyining mohiyatida insoniylik, sabr-qanoat tuyg‘ulari, muqaddas dinimiz arkonlarini e'zozlash, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni o‘zaro yaxshilik qilishga chorlash, barcha millat va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik mujassam.
Ushbu qutlug‘ oyda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning tabarruk qadamjolari va ziyoratgohlarini obodonlashtirishga ham alohida e'tibor qaratiladi.

Qutlug‘ oyning go‘zal fazilatlari

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Bir umr yaxshilik qiling va Allohning rahmat shabbodalariga yo‘liqinglar! Albatta Ollohning rahmati jumlasidan bo‘lgan shabbodalari borki, ularni bandalaridan xohlaganiga nasib qiladi".
Ramazon oyiana shunday rahmat shabbodalari esadigan qutlug‘ oy sanaladi. Alloh taolo Ramazon oyini boshqa barcha oylardan oliy va mufazzal qildi. Uni ko‘plab buyuk fazilatlar va ulug‘ imtiyozlar bilan xosladi.
Bu oy unda Qur'oni karim nozil bo‘lgan oydir. Hadisi shariflarda aytilishicha, boshqa payg‘ambarlarga ham aynan shu muborak kunlarda muqaddas kitoblar va sahifalar nozil qilingan ekan. Bu oy tavba va mag‘firat oyidir. Ramazon oylarining sharofati ila mo‘min bandalarning kichik gunohlari o‘z-o‘zidan kechirib yuboriladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday dedilar:“Kimki, ramazonni (uning farzligiga) ishonib va savob umidida tutsa, avvalgi gunohlari kechiriladi”(Imom Ahmad va Sunan sohiblari rivoyat qilishgan).
Bu oy do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Abu Hurayra (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”, deyilgan. Ya'ni, avvaldan do‘zaxga tushishga loyiq bo‘lib qolgan ba'zi bandalar Ramazoni sharif tufayli Alloh tomonidan kechirilib, do‘zaxdan ozod qilinadilar.
Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Chunki, bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma'siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi.
Bu oyda itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yiladi, qo‘l-oyoqlariga kishanlar solinadi, natijada, insonlarni vasvasa qilisholmaydi, g‘arazli maqsadlariga yetisholmaydilar.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Mana shu bir kechada bajarilgan ezgu amallar sakson uch yildan ko‘proq muddat ichida qilingan ibodatga teng bo‘ladi.

Ramazon – xayr ehson oyi.

Bu oy xayr-ehson oyidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari ramazon oyida – har kecha Jabroil alayxis-salom Ul zotga Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda – ayniqsa cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar"(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Hazrati payg‘ambarimiz bu oyda xayr-ehsonda, yaxshilikda odamlarga ibrat bo‘lgan ekanlar, biz ham ul zotdan ibrat olib, vaqtimiz, imkoniyatimiz va kuch-g‘ayratimizni asosan ezgu ishlarga, mehru oqibatga yo‘naltirmog‘imiz zarur.
Atrofyga nazar solaylik. Diqqat qilsak, bizning mehrimizga, e'tiborimizga ehtiyoj sezayotganlarni albatta topamiz. Xalqimizda “bug‘doy noning bo‘lmasa, bug‘doy so‘zing bo‘lsin” degan naql bor. Dinimizda esa, shirin so‘z ham xayr-ehsonning bir turi ekani ta'kidlanadi. Shu o‘rinda hazrat navoiyning bir baytini eslash o‘rinlidir:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron o‘lsa, obod aylagay.

Bir kishining ko‘nglini olish, diliga quvonch baxsh etish, Ka'bani obod qilishdek mukarram ish ekan, bu imkoniyatni hech birimiz qo‘ldan bermasligimiz kerak.
Hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, o‘zi to‘q bo‘la turib, qo‘shnisining och o‘tirishiga rozi bo‘lgan kishi chin musulmon bo‘lolmaydi. Bunday ezgu amallarni aslida har kuni, har kim qilishi kerak. Xususan, Ramazon oyida ezgu, savob ishlar qilishda bir-birimiz bilan musobaqalashishimiz lozim.

Odilxon qori Yunusxon hoji o‘g‘li
Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosh imomi

Manba: Muxlis.uz

Top