10:11 / 25.06.2015
3031

Tolibon Qunduzdan haydab chiqarildi

Afg‘oniston hukumati 23 iyun kuni 2 kunlik janglardan so‘ng Tolibon terrorchi guruhi jangarilari Qunduzning Chordara tumanidan quvib chiqarilganini ma'lum qildi.
Ilgariroq jangarilar Qunduz viloyatining Chordara va Dashti Archi tumanlarini egallab olgani ma'lum qilingan edi. Chegaraga yaqin joylashgan ushbu hududlardagi harbiy harakatlar Tojikiston hukumatini ham tashvishga qo‘ymoqda. Chegaraga yaqin hududlarda yashovchi tojikistonliklar otishmalar ovozi eshitilib turganini ma'lum qilmoqda.
Tojikiston chegara xizmati komandiri Rajabali Rahmonaliyevning ma'lumotiga qaraganda, chegarada 1.5 ming jangari joylashib olgan.
“Ularning asosiy qismi Qunduzda, – deydi u. – Biz bu yo‘nalishda ishni davom ettirib, ma'lumotlarni aniqlashtirmoqdamiz. Tumanlarni egallab olishda nafaqat Tolibon, balki IShID kuchlari ham ishtirok etayotgani haqida ma'lumotlar bor”.
Tojikiston chegarachilari yuqori harbiy tayyorlik darajasida tutib turilgani aytilmoqda.
Shuningdek, prezidentning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Xayrulloyev mintaqaning barcha davlatlarini barqarorlik yo‘lida birlashishga chaqirdi.

Top