12:07 / 26.06.2015
4129

Andijonda suyultirilgan gaz ta'minotida uzilishlar kuzatildi

“Vodiygazta'minot” unitar korxonasi Andijon boshqarmasi muhandisi Ilhom Muydinov viloyatning Asaka va Shahrixon tumanlari aholisiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi borasida fikr bildirib o‘tdi.
Joriy yilning may oyidan boshlab yetkazilayotgan gaz hajmi sezilarli darajada tushib ketgan.
Muydinovning so‘zlariga qaraganda, suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi korxonalarda uskunalar profilaktikasi o‘tkazilgan. Ayni paytda ishlar tugatilib, zavod to‘la hajmda faoliyatini tiklagan.
Muydinov bergan ma'lumotlarga qaraganda, viloyat bo‘yicha 225 380 oila suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanadi, ularga yetkaziladigan gazning narxi tijoriy yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlardan ancha pastdir.
Ta'kidlanishicha, yaqin orada barcha aholi arzon narxdagi gaz bilan ta'minlanadi va uni tijoriy shoxobchalardan sotib olishga ehtiyoj qolmaydi.
“Joriy yilning birinchi choragida Andijon viloyatining gaz ta'minoti ko‘rsatkichlari 98.8 foizni tashkil qildi. Asaka va Shahrixon tumanlarida esa uzilishlar tufayli bu ko‘rsatkich 70 foizga teng bo‘ldi. Viloyat hududida 29ta gaz quyish stansiyalari bo‘lib, ularning ko‘pchiligi ballonlarni to‘ldirishga ruxsat olgan. Ular suyultirilgan gazni birja savdolarida xarid qilib, unga o‘z narxlarini qo‘yib sotadi”, – so‘zini yakunladi boshqarma muhandisi.

Top