12:19 / 26.06.2015
24007

O‘zbekistonlik yosh futbolchi "Barselona" jamoasi tarkibida paydo bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonlik futbolchi Sardor Yusupov "Barselona" jamoasi bazasida ko‘rikdan o‘tishga chaqirilgan. Bu haqda futbolchining otasi Ikrom Yusupovga asoslanib, uff.uz xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, 1997 yilning 22 yanvarida tug‘ilgan bu futbolchi 5 yoshligidan Toshkent shahridagi "Olimpiya" sport majmuasida Karen Avanesyan murabbiyligida futbol bilan shug‘ullangan. Biroz vaqt o‘tib, u sakkiz yoshida "Paxtakor" jamoasining 1997 yil tug‘ilganlar jamoasida Jasur Abduraimov murabbiyligida shug‘ullana boshlagan.

Sardor 10 yoshligida, "Paxtakor"ning bolalar jamoasi bilan musobaqada ishtirok etayotgan vaqtida turnirni kuzatayotgan gollandiyalik tadbirkorning e'tiborini jalb qilgan va shundan keyin uni "Feyyenord" jamoasi akademiyasiga taklif etishadi.

2008 yilda Sardor Yusupov "Feyyenord"ning murabbiylaridan biri Van der Kraan qo‘li ostida mashg‘ulotlarda qatnashgan va o‘zining bor mahoratini ko‘rsatib, gollandiyalik mutaxassislarni lol qoldirgan. Natijada, uni jamoada olib qolishga qaror qilingan.
Xabarida yozilishicha, gollandlar bu bolakayning otasiga Niderlandiya pasportini berib, Sardor Yusupov kelajakda o‘z terma jamoalarida o‘ynashini istashgan, lekin rad javobini olishgan.
Shu tariqa, kelishuv amalga oshmagan va ota-bola ortga qaytgan.

Shundan so‘ng, Sardor Yusupov 15 yoshigacha "Paxtakor" jamoasida shug‘ullanishda davom etgan.
Unga 2012 yilda "Paxtakor" jamoasi tomonidan shartnoma taklif qilinadi va lekin futbolchining otasi Ikrom Yusupov o‘g‘lini Ispaniyaga olib borishga qaror qiladi.

Ular O‘rta Yer dengizi sohillarida "Sevilya Olimpik" jamoasiga murojaat qilishadi va yosh futbolchi shu jamoa mashg‘ulotlarida qatnasha boshlaydi.

Xabarda qayd etilishicha, Sardor Yusupov mashg‘ulot vaqtida qo‘shni maydonchada futbol o‘ynayotgan jamoalar o‘yiniga qo‘shilishga musharraf bo‘ladi va 0:2 hisobida yutqazayotgan jamoa tomonidan maydonga tushib, ikkita gol urgach, "Sevilya Olimpik" jamoasi rahbariyatining e'tiborini qozonadi.

Shundan so‘ng, uning mahoratini sinash uchun keyingi kunda alohida maxsus o‘yin tashkil qilinadi va Sardor Yusupov bu o‘yinda 6ta gol uradi. Shundan so‘ng, u shu jamoa safida qolib, 3 yil davomida jamoaning asosiy tarkibida harakat qiladi va 31ta gol urgan holda jamoa bilan "V" Segundaga chiqadi.

Xabarda aytilishicha, Ikrom Yusupovning ispaniyalik Karlos ismli tanishi 3 yil davomida futbolchiga homiylik qiladi va 2015 yilda uni Belarusning "BATE" jamoasiga sotishga harakat qiladi. Belarusliklar futbolchiga yiliga 150 ming dollarlik shartnoma taklif qilishgan. Lekin, shartnomaga ko‘ra, futbolchi Belarus fuqaroligini olishi kerak bo‘lgan. Tabiiyki, bu safar ham tomonlar kelisha olishmaydi.

Bu orada futbolchining otasi bilan O‘zbekistondan ham aloqaga chiqishadi va u Jasur Abduraimov murabbiyligidagi O‘zbekiston U-18 terma jamoasiga chaqiriladi. Sardor Yusupov shu vaqtgacha bu terma jamoa bilan BAA yoshlariga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushirilgan.

Shu bilan birgalikda uni klublar sohasida ham yorqin kelajak kutib turgani aytilmoqda. Sardorga Kataloniyaning "San-Andreo", "Espanmol", "DAM", "Xorta" kabi jamoalaridan takliflar mavjud. Lekin u "Barselona"ga o‘tish istagini bildirgan.

Ma'lum bo‘lishicha, "Barselona" prezidentligi uchun saylovda qatnashayotgan Laportaning yordamchilaridan biri saylov natijasida g‘alaba qozonishsa, Sardorni jamoaga olishlariga va'da bergan.
Shu bilan birgalikda, saylov natijasi qanday bo‘lishidan qat'i nazar Sardor Yusupov 18 iyul kuni "Barselona" ko‘rigidan o‘tadi va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatishi evaziga jamoaga qabul qilinishi mumkin.

Ayni vaqtda u otasi bilan birgalikda Ispaniyaga 1 yillik safarga ketishga tayyorlanmoqda. Uff.uz saytida ma'lum qilinishicha, bu safarning xarajatlarini ko‘tarishda yordam berib, hamkorlik qilishni istaganlar quyidagi vositalar orqali murojaat qilishlari mumkin.

E-mail: info@uff.uz
Tel: +99891-1647108.

Top