14:25 / 26.06.2015
4490

Qodirov Shimoliy Kavkazda IShID viloyati haqidagi gap-so‘zlarni ko‘zbo‘yamachilik deb atadi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov IShID guruhi matbuot kotibi Abu Umar al-Adaniyning Shimoliy Kavkaz viloyatining tashkil etilgani haqidagi ma'lumotini yolg‘on va ko‘zbo‘yamachilik deb baholadi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.

24 iyun kuni IShID matbuot xizmati “Kavkaz viloyati” tashkil qilinganini e'lon qilgan edi. Bu xabar Dog‘iston, Ingushetiya, Kabardin-Bolqor va Qorachoy-Cherkas respublikalaridagi guruhlarning yetakchilari tomonidan Tvitterdagi sahifalar orqali tarqatilgan edi. Ushbu guruhlarning bari IShID yetakchisi Abubakr al-Bag‘dodiyga bay'at etganligi qayd qilib o‘tilgan edi.
“Bu bayonot ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas. O‘rmonlarda yashirinib yurgan ayrim jinoyatchilar iblis davlatining radikallariga jiddiy yordam ko‘rsata oladi deb o‘ylamayman”, – ta'kidlab o‘tdi Qodirov.

Uning fikricha, “bu ablahlar Chechenistonga yaqinlasholmaydi ham”. Huquq-tartibot organlari xodimlari mintaqadagi vaziyatni to‘liq nazorat qilayotgani aytib o‘tildi.
“Shunga qaramay, biz ushbu iblis davlatidan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni to‘laligicha hisobdan chiqarmaymiz. Shuning uchun bundan keyin ham ushbu balo Chechenistonga yetib kelmasligi yo‘lida ish olib boramiz. Shaytonlar va jinoyatchilarni tap tortmay yo‘q qilamiz”, – qo‘shimcha qildi Checheniston yetakchisi.

Top