16:00 / 26.06.2015
5002

Yaponiyaning magnitli poyezdi dunyoning shu turdagi eng tezkor transporti deb topildi

Yaponiyada ishlab chiqilgan, magnit yostiqchasida ishlaydigan poyezd (maglev) Ginness rekordlar kitobiga dunyodagi eng tezkor poyezd sifatida kiritildi. Bu haqda JR Tokai temir yo‘l kompaniyasi xabar berdi.
Aytilishicha, jahon rekordini qayd qilish uchun transport 603 km/soat tezlikka chiqqan. Sinov 21 aprel kuni Yamanasi prefekturasida qurilgan 42 km li sinov poligonida amalga oshirildi. Dastlabki sinovda poyezd 590 km/soat tezlikni qayd qilgan edi. Oradan besh kun o‘tib, 603 km/soat natijasi qayd qilindi.
Rekordni yangilagach, kompaniya yo‘lovchilar xavfsizligi masalasi bilan jiddiy shug‘ullana boshladi.
Magnitli poyezd yaratish ishlari Yaponiyada o‘tgan asrning 70-yillarida boshlangan edi. 2003 yili JR Tokai yaratgan magnitli ekspress 581 km/soat tezlik bilan jahon rekordini o‘rnatdi. 2011 yili hukumat Tokio va Nagoyani bog‘laydigan 286 km li birinchi tijoriy yo‘nalish ochishga rozi bo‘ldi. Uning qurilishi o‘tgan yili boshlandi; qurilish ishlari 2027 yili yakunlanishi aytilmoqda. Loyiha qiymati 5.5 trln iyenani (45.8 mlrd dollar) tashkil qiladi. 2045 yilga borib yo‘nalish uchinchi shahar – Osakaga yetkazilishi kutilmoqda.

Top