12:22 / 27.06.2015
10337

27 iyun – nashriyot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

O‘zbekistonda har yili 27 iyun – nashriyot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Ommaviy axborot vositalari hamisha jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasining shakllanishida asosiy vositalardan biri bo‘lib kelgan. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1993 yil 24 iyundagi Farmoni asosida mazkur sanani nishonlash an'anaga aylandi.

Mustaqillik yillarida ommaviy axborot vositalariga davlatning rahbarlik qilishiga chek qo‘yildi, axborot sohasiga bozor mexanizmlari izchil va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, nodavlat televideniye, radio, axborot agentliklari tarmog‘i, shuningdek, bosma hamda audiovizual ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlaydigan jamg‘armalar rivojlanmoqda. Davriy nashrlar tizimi deyarli qaytadan tashkil etildi, yangi respublika umumsiyosiy gazetalari va jamiyatning turli guruh hamda qatlamlariga mo‘ljallangan boshqa ko‘plab bosma nashrlar va jurnallar tashkil qilindi. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqaro axborot makoniga qo‘shildi.

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari jamiyatda fikrlar xilma-xilligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har kim ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikrini ochiq aytish huquqiga ega. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari butun dunyoda bo‘lgani kabi tarqatayotgan axborotining xolisligi va ishonchliligi uchun javobgardir.

So‘nggi yillarda Yer sayyorasining sun'iy yo‘ldoshi orqali milliy tele-, radio-dasturlar translyatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mamlakat telekommunikatsion tizimida 28ta yo‘nalish bo‘ylab dunyoning 180ta mamlakatiga uzatiladigan xalqaro kanallar mavjud. Mahalliy tele-, radio-kanallarda tayyorlangan ko‘rsatuvlar Internet global tizimi orqali aniq vaqt rejimida butun dunyoga translyatsiya qilinadi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari sifatida 304ta veb-sayt ro‘yxatga olingan. Elektron ommaviy axborot vositalari jadal ixtisoslashtirilmoqda. Ayni paytda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy mavzularga ixtisoslashishidan tashqari, zamonaviy jamiyat uchun muhim bo‘lgan ma'naviy-ma'rifiy, tibbiyot, bolalar, sport va axborot-texnologiyalari mavzularini yoritish bilan shug‘ulanayotgan veb-saytlar soni ham ortmoqda.

Kun.uz sayti Jurnalistlar kuni munosabati bilan soha xodimlarining barchasini tabriklaydi va kelgusi faoliyatlarida zafarlar tilaydi.

Top