18:08 / 28.06.2015
8075

Erdog‘an: Turkiya hech qachon Suriya shimolida kurdlar davlati qurilishiga yo‘l qo‘ymaydi

Turkiya o‘zining janubiy chegaralarida, Suriyaning shimoliy qismida kurdlar davlati paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.

"Turkiya hech qachon Suriya shimolida, o‘z chegaralari bilan yondosh hududda kurdlar davlati qurilishiga ruxsat bermaydi", dedi prezident 28 iyun kuni Al-Arabiya telekanaliga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, rasmiy Anqara bu ish sodir bo‘lmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Qayd etish joizki, Erdo‘g‘anning bu chiqishi Suriyaning Turkiya bilan chegara qismidagi Kobani shahrini 27 iyun kuni kurdlar armiyasi "IShID"dan qaytarib olishidan keyin ro‘y berdi. Ayni vaqtda bu shahar nazorati to‘la ravishda kurdlar qo‘liga o‘tgan.

Shuningdek, Suriya shimolidagi yana bir shahar Xasekeda ham suriyalik askarlar va kurdlar o‘zaro bitim tuzishgan hamda bu shaharni "IShID"dan himoya qilishda hamkorlik qilinishiga kelishilgan. Buning evaziga kurdlar shahar ma'muriyati binosiga o‘z bayroqlarini osishgan hamda shaharni idora qilishni boshlashgan.

Top