07:50 / 01.07.2015
1628

Turkiya parlamenti spikeri lavozimi uchun saylovlarning 2-bosqichida g‘olib aniqlanmadi

30 iyunda Turkiyada bo‘lib o‘tgan mamlakat parlamenti spikeri lavozimi uchun saylovlarning 2-bosqichida to‘rt nafar nomzoddan birortasi ham zarur bo‘lgan ovozlarni yig‘a olmadi, deb e'lon qildi parlament hisobot komissiyasi.

7 iyunda Turkiyada o‘tkazilgan parlament saylovlarida saylovchilarning 40,8 foizi va parlamentda 258ta o‘rin olgan yetakchi Adolat va taraqqiyot partiyasi g‘olib bo‘lgandi. Biroq ushbu partiya parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni boy berdi va hukumatni mustaqil holda shakllantirish huquqidan mahrum bo‘ldi. Xalq-respublika partiyasi 25 foiz to‘pladi va parlamentda 132ta o‘rinni egalladi, Milliy harakat partiyasi va Xalqlar demokratiyasi partiyasi 80tadan o‘ringa ega bo‘ldi.

Adolat va taraqqiyot partiyasidan spiker lavozimiga nomzod, Turkiya Mudofaa vaziri Ismat Yilmaz ovoz berishning 2-bosqichida 256ta ovoz, Xalq-respublika partiyasi nomzodi Deniz Baykal 128ta, Milliy harakat partiyasi va Xalqlar demokratiyasi partiyasi nomzodlari Akmaliddin Ehsono‘g‘lu va Dengir Mirmahmud Firot 80tadan ovoz to‘pladilar.

Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, spiker saylovi maxfiy ovoz berish orqali o‘tkaziladi. 30 iyunda bo‘lib o‘tgan saylovlarning 1- va 2-bosqichida spiker lavozimiga saylovda g‘olib deb topilish uchun parlament a'zolarining uchdan ikki qismi, ya'ni 550tadan 367ta ovoz to‘plash lozim edi. Zarur sondagi ovozlarni nomzodlardan birortasi ham to‘play olmagani uchun 1 iyulda saylovning 3-bosqichi va zarurat bo‘lsa 4-bosqichi o‘tkaziladi. Bunda spiker lavozimiga saylovda yutish uchun ko‘pchilik, ya'ni 276 nafar parlamentariyning ovozini yig‘ish kifoya qiladi.

Top