09:53 / 02.07.2015
3810

75 yil birga umrguzaronlik qilgan AQShlik juftlik bir kun farq bilan vafot etdi

AQShlik er-xotin Jannett va Aleksandr Tochko 75 yil birga yashab, bir kun farq bilan hayotdan ko‘z yumishdi, deb xabar bermoqda ABC News telekanali.

Ular bir yilda – 1919 yilda Konnektikut shtatining Stemford shahrida dunyoga kelishgan. Ikkisi ham polshalik muhojirlarning farzandlari hisoblanardi. Ular 1940 yilda turmush qurishgan.

Tochkolarning o‘g‘li Richard Tochkoning aytishicha, uning otasi Aleksandr Tochko golfga juda qiziqqan. U yaqinda yiqilib, sonini sindirib olmaguncha deyarli har kuni ushbu sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanib kelgan. Aleksandrning ahvoli tobora og‘irlashib borgan va u bilan bir vaqtda rafiqasi ham o‘zini yomon seza boshlagan.

Aleksandr 17 iyunda birinchi bo‘lib hayotdan ko‘z yumdi. “Otam onamning qo‘llarida jon berdi va otam aynan shunday bo‘lishini xohlar edi”, deb aytdi ularning qizi Eymi Tochko-Kushman.

“Ko‘ryapsanmi, sen aynan shunday bo‘lishini istarding. Sen mening qo‘llarimda jon berding. Men seni sevaman, meni kut, yaqin orada sen bilan birga bo‘laman”, deb aytgan Jannett o‘z erining vafotidan keyin. Ertasi kuni uning o‘zi ham boqiy dunyoga yo‘l oldi.

Avvalroq 67 yil birga yashagan yangi zelandiyalik er-xotin bir kunda vafot etganlari ma'lum qilingandi.

Top