12:20 / 02.07.2015
3036

Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilashga 376.7 mln dollar sarflanadi

O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi investitsion dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Jahon banki delegatsiyasi Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, ushbu loyiha o‘tkaziladigan hudud bilan tanishib chiqdi. Mehmonlar uchun Beruniy tumaniga tanishuv safari uyushtirildi.
Loyiha 2016-2021 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, Jahon bankining imtiyozli kreditlari hamda hukumat tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobiga moliyalashtiriladi. Uning umumiy qiymati 376.7 mln dollarni tashkil qiladi, shulardan 260 mln dollari kredit mablag‘laridir.
“Pravda Vostoka” gazetasida yozilishicha, loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal'a tumanlarida 69.5 km uzunlikdagi Bo‘ston kanalining qurilishidir. Kanal 105 m3/s o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Tuyamo‘yin kanalining o‘ng qirg‘oq magistrali (uzunligi – 31.1 km, o‘tkazish qobiliyati – 160 m3/s), Paxtaarna magistral kanali (uzunligi – 27.5 km) rekonstruksiyasi, 375 km umumiy uzunlikka ega umumxo‘jalik kanallarini qurish, ta'mirlash va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Loyiha realizatsiya qilingan taqdirda, fermer xo‘jaliklari va suv iste'molchilari uyushmasiga tegishli 544 dona nasos agregatlari o‘chiriladi, bu yiliga 14.5 trln so‘mlik elektr quvvatini tejashga yordam beradi.
Shuningdek, hosildor maydonlardan olinadigan mahsulotning ko‘payishi hisobiga yiliga 35.3 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad qilinadi. Loyiha tarkibiga biznes-loyihalarga ega fermer xo‘jaliklariga kredit yordamlari ko‘rsatish, suv iste'molchilari uyushmasiga esa yangi xizmat ko‘rsatish uskunalari taqdim qilish bo‘yicha rejalashi kiritilgan.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali direktori Umurboy Oqnazarovning so‘zlariga qaraganda, respublika bunday yirik loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega. Jumladan, 2003-2013 yillarda Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki krediti hisobidan Janubiy Qoraqalpog‘iston suv ta'minoti bo‘yicha yirik loyiha ijro etilgan edi. Loyihaning umumiy qiymati 76 mln dollarni tashkil qilgan edi.

Top