10:55 / 02.07.2015
12092

«O‘zbeknavo» Tamila, Anvar Sobirov va Yagonaning litsenziyasini to‘xtatdi

«O‘zbeknavo» estrada birlashmasi 3 nafar xonandaning litsenziyasini to‘xtatdi va 11 nafar xonandaga ogohlantirish berdi. Bu haqda birlashmaning matbuot xizmati xabar qilgan.

"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi xonandalar Sobirov Anvar Karimovich, Rahmatova Esmeralda Najmiddinovna (Tamila) va Umarova Komila Rahmatulloyevna (Yagona)lar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-sonli Qarori hamda litsenziya bitimida nazarda tutilgan talablar va shartlarni buzganligi sababli, xonandalar nomiga berilgan litsenziyaning amal qilishi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-24 moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-son Qarorining 1-ilovasi 35-bandiga asosan, 2015 yil 1 iyuldan to‘xtatilganligini va ilovadagi xonandalarga ogohlantirish berilganligini ma'lum qiladi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mo‘minov Sobirjon Odiljonovich, Farmanov Ilhomjon Shomamatovich, Ismiyaminova Dilnoza Mirzatillayevna, "Nihol" mukofoti sovrindorlari Mirzajonov Yodgorbek Usmonaliyevich, Otaboyeva Shahnoza Hasanovna, Ubaydullayev Doston Rustamovich, Ortiqov Sherzodbek Sherbo‘tayevich, hamda xonandalar Usmonov Masrurjon Marubdjanovich, Umirov Jasurbek Uvaydilloyevich, Hamidova Hilola Jo‘rayevna, Shamsiyev Umar Ahmedjonovichga ogohlantirish berilgan.

"O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talabini bajarish har bir xonanda va san'atkorning burchidir", deb qo‘shimcha qilinadi «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi matbuot xizmatida.

Top