17:09 / 02.07.2015
4267

Samsung DRAM-xotiralar sotish bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi operativ xotira chiplari bozorida yangi rekord qad qildi. Bu haqda IHS Technology tahlilchilari hikoya qilib berdi.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 2015 yilning birinchi choragida kompaniya DRAM-mikrosxemalari sotishdan 5.28 mlrd dollar foyda ko‘rdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41.3 foizga ko‘proqdir.
Buning natijasida, o‘z navbatida, kompaniyaning bozordagi ulushi oxirgi to‘rt yil ichida eng yuqori natijani qayd qilib, 44.1 foizni tashkil qildi. Samsung’ning chiplar bozoridagi eng yaxshi natijasi – 45 foiz – 2011 yilning uchinchi choragida qayd qilingan edi.
Operativ xotira chiplari sotish bo‘yicha ikkinchi natijalarni Koreyaning boshqa kompaniyasi – SK hynix ko‘rsatmoqda. Uning hisobot davridagi tushumi 3.31 mlrd dollarni tashkil qilib, jahon bozorining 27.6 foizini tashkil qildi.
Kuchli uchlikni AQShning Micron Technology kompaniyasi yakunlab beradi. Uning natijalari: 2.53 mlrd dollar, bozorning 21.2 foiz ulushi. Shuningdek, kuchli beshlikka Tayvanning Nanya (3.1 foiz) va Winbond (1.3 foiz) kompaniyalari kirdi.

Top