14:11 / 02.07.2015
2110

Samvel Babayan milliy terma jamoa yutuqlari yo‘lida barchaning fikrini eshitishga tayyorligini aytdi

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan mamlakatdagi futbol klublarining fan klublari faollari va terma jamoa muxlislari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvni tashkil qilishdan asosiy maqsad O‘zbekistondagi futbol ishqibozlarini qiziqtirgan masalalar, ularning muaamolarini fan klublarning faollari orqali eshitishdan iborat bo‘ldi. Bundan tashqari terma jamoa o‘yinlaridagi muxlislik madaniyatining bugungi ahvoli ham uchrashuvning bosh mavzusiga aylandi.

Tadbirda terma jamoalar biror shaxsning emas, xalqning jamoasi ekanligi, shu sababli ham jamoa futbolchilari xalqning daldasiga muhtoj ekanligi alohida ta'kidlandi.

“Mening vazifam ishqibozlarning terma jamoaga bo‘lgan ishonchini qaytarish, xalq va federatsiya rahbariyatining ishonchini oqlash”, - deydi Babayan. “Ammo, bir kishi - hech kim. Menga bunda sizlarning yordamlaringiz kerak bo‘ladi”.

“O‘rganishning kechi yo‘q. O‘rganishdan tortinmayman. Murabbiylar, futbolchilar, jurnalistlar, muxlislarni eshitaman, ulardan o‘rganaman”, - dedi Samvel Babayan.

Babayanning fikricha, “O‘zbekistonda futbolning keyingi rivoji terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokiga bog‘liq”. 

“Men uchun har qanday fikr qadrli. Men hammani eshitishga tayyorman. Xudo ko‘rib turibdi, niyatim bir – terma jamoani JChga olib chiqish”, - dedi milliy terma jamoa bosh murabbiyi. 

“Menga ishonch bildirildimi, uni oqlash uchun borimni berib ishlayman, zero bu Vatanimizning bosh jamoasi!”, - deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan

Samvel Babayan 23 iyun kuni Mirjalol Qosimovning o‘rniga O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan. Shundan so‘ng u, terma jamoalar markazi xodimlari, o‘zining shtabiga kirishi kutilayotgan murabbiy va mutaxassislar hamda jurnalistlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.

Milliy terma jamoa murabbiylar shtabi tasdiqlangach, Samvel Babayan terma jamoa bosh murabbiyi sifatida matbuot anjumani o‘tkazadi.

Samvel Babayanning bosh murabbiy sifatidagi ilk rasmiy uchrashuvi, hozircha, 3 sentabr kuni Yamanga qarshi o‘yin bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi Jahon va Osiyo chempionati saralash bahslarini 16 iyunda Shimoliy Koreyaga qarshi 2:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshlagan. Bugungi kun holatiga qadar H saralash guruhida 2 ta o‘yinda 6 ochko jamg‘argan Shimoliy Koreya va Filippin terma jamoalari peshqadamlik qilib turishibdi/

Top