11:41 / 02.07.2015
12105

Soccer club ko‘rsatuvi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida yoshi katta futbolchilar o‘ynaganini fosh qildi

30 iyun kuni soat 19:10 da “Sport” telekanalida sharhlovchilar Diyor Imomxo‘jayev hamda Dilshodbek To‘xtabekov muallifligidagi “Sokker klub” ko‘rsatuvining navbatdagi soni efirga uzatilgandi.

O‘zbek futbolidagi bir qator muammolarga til tekkazib o‘tiladigan loyihaning navbatdagi sonini ayrim futbol mutaxassislari, futbolchilar hamda millionlar o‘yini muxlislari turli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborishganini ijtimoiy tarmoqlar hamda futbol saytlaridagi izohlari orqali ma'lum qilishdi.

Loyiha muallifining so‘zlariga ko‘ra ko‘rsatuv 4 iyul – shanba kuni tonggi 09:50 da takroran namoyish etiladi. Kanalga bo‘layotgan tinimsiz qo‘ng‘iroqlar sababli “Sokker klub” 12 iyul kuni soat 20:45da yana bir marta namoyish etilishi mumkin.

Bunga qadar muxlislar ko‘rsatuv ular uchun noqulay soatlarga qo‘yilayotgani haqida aytib o‘tishgandi. Shu yilning fevral oyidan boshlab efir yuzini ko‘rgan “Sokker klub” qisqa vaqt ichida o‘z muxlislariga ega bo‘ldi. 30 iyun kuni efirga uzatilgan sonda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tilgan.

Mazkur jamoa bilan avvalroq ishlagan Sergey Lushan yigitlar bilan yanada yaxshiroq natijaga erishish mumkinligini qayd etish qatorida, 2018 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma olish deyarli ilojsiz ekaniga sha'ma qilib o‘tgan. Futbolchilardan Zabihullo O‘rinboyev, Mirjamol Qosimov, Eldor Shomurodov, Doston Hamdamov, Akrom Komilov, Otabek Shukurov, Rustam Ashurmatov kabilar esa yoshlar jamoasida murabbiylarning ketma-ket almashinuvi natijaga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatgani haqida aytishgan. Bu borada ular Aleksey Yevstafeyev, Sergey Lushan hamda Ravshan Haydarovning o‘yin uslubini ochib berishga harakat qilishgan. “Sokker klub”ga mehmon sifatida taklif etilgan “Olmaliq” klubi matbuot kotibi Baxtiyor Shirinov bir qator achchiq haqiqatlarga til tekkazib o‘tganini e'tirof etish kerak.

U Dilshod Nuraliyevga “Malibu” berib, uni terma jamoadan ketkazib yuborishganidan tortib, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida o‘z yoshini o‘zgartirib to‘p surgan hamda muvaffaqiyatga erishgan 4 nafar futbolchining ismi-shariflari bilan keltirib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, “Sokker klub” har oyning so‘nggi kunida, ya'ni, bir oyda bir marta efir yuzini ko‘radi. 

Top