18:46 / 03.07.2015
8089

Namangan tumanidagi qishloqlardan biridagi to‘y ichkilikbozlik tufayli fojia bilan tugashiga bir bahya qoldi

Namangan tumanidagi qishloqlardan biridagi to‘y ichkilikbozlik tufayli fojia bilan tugashiga bir bahya qoldi.

Tepaqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Said Dadajonov spirtli ichimliklarga ro‘ju qo‘ygani bilan ajralib turgan. Dadajonov yaqindagina bo‘lib o‘tgan hamqishlog‘ining to‘yiga mast holatda kelib, ichkilikbozlikni shu yerda ham davom ettirgan. Deyarli o‘zini bilmaydigan darajaga tushgandan keyin Dadajonovning miyasiga o‘tgan yili oynasini sindirib qo‘ygani uchun amakisidan kechirim so‘rash istagi kelib qoldi.

To‘yda xursandchilik qilayotgan amakisining nabirasi Davronni ko‘rib qolib, uni bobosi oldiga olib borishini talab qilgan. Boshida yigit to‘ydan ketishni istamagan va to‘y yakunlanib qolgani bois Said uni oxir-oqibat ko‘ndirgan.

Said deyarli o‘zi mustaqil ravishda yurolmaydigan darajada mastligi sabab Davronga qiyin bo‘ldi. Said yo‘lda ariqqa tushib ketib, hammayog‘i ho‘l bo‘ldi. Said ariqdan chiqqach achchig‘idan Davronga so‘kina ketdi. Davron piyonista bilan bog‘langanidan pushaymon qildi.

Ular manzilga yetib kelgach, Davron Saidni ko‘chada kutib turishini va bobosi uxlamagan bo‘lsa chaqirishini aytgan. Davron bobosini bezovta qilishni istamagan. Bobosi haqiqatda uyquda bo‘lgan, Said bo‘lsa kutib turishni istamasdan, hovliga bostirib kirgan. Davron uni tinchlantirishga harakat qilgan. Biroq Said janjal ko‘tarib, butun qishloqni boshiga ko‘targudek qilib baqira ketgan. Davron bazo‘r uni tashqariga olib chiqib tashlagan. Said undan ancha kichkina bo‘lgan qarindoshi unga tanbeh berib, uni ko‘chaga chiqarib tashlayotganidan g‘azab otiga mingan. U janjal qilishda davom etib, eshikni tepib ochib, qo‘liga tushgan tayoq bilan qarindoshining boshiga tushirgan. Davron qo‘liga ketmon olib, zarbalardan himoyalanishga harakat qilgan, biroq qorong‘ida bexosdan Saidning gardaniga ketmon muxrasi bilan tushirib qolgan. Janjalkash zarbadan yerga yiqilgan.

Bu orada qo‘ni-qo‘shni to‘plangan, voqea joyiga yetib kelgan militsiya inspektori tezda jabrlanuvchini shifoxonaga jo‘natgan. Said og‘ir jarohat olgan, uni faqatgina shifokorlarning tezkor harakatlari tufayligina saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi. Shak-shubhasiz, bu Saidga yaxshigina saboq bo‘ldi. Biroq uning kasriga uch farzandning otasi bo‘lgan Davron qotillik uchun javob berishiga to‘g‘ri kelishiga bir bahya qoldi.

Davron hech kim bilan bahslashishni istamagani va o‘zini himoya qilganiga qaramasdan, unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi bo‘yicha (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) ayblov qo‘yildi.

Top