00:54 / 03.07.2015
9101

Nemis politsiyasi villalardan birining yerto‘lasida Ikkinchi jahon urushi zamonlariga tegishli tankni topdi

Germaniya politsiyasi Kilya shahri yaqinidagi villalardan birining yerto‘lasida 1943 yilda ishlab chiqarilgan “Pantera” tankini topdi. Bundan tashqari, u yerda torpedo va boshqa qurol-aslahalar ham topilgan. Bu haqda The Local xabar bermoqda.

Huquq-tartibot muassasalari xodimlari topilmalarni musodara qilishdi. Kilya prokuraturasida Xaykendorfedagi villaning egasi tank saqlashga haqi bo‘lmagani, chunki bu qonunan taqiqlangani aytildi. Villa egasi advokatining fikricha, tank boshqa snaryad otolmasligi sababli, mijozining hech qanday aybi yo‘q.

Mahalliy politsiyaning rasmiy vakili mamlakat armiyasi tankni yerto‘ladan chiqarib olish uchun zirhli ta'mirlash-evakuatsiya mashinalarini yuborganiga qaramasdan hozircha tankni yerto‘ladan chiqarishning imkoni bo‘lmaganini aytdi.

Xaykendorf meri Aleksander Ort tankning topilganidan taajjubda emasligini aytdi. “Tank egasi unda 1978 yildagi kuchli qor paytida kezib yurgan edi”, deb aytdi mer. Uning fikricha, tankning 70 yoshli egasining bu harbiy mashinaga qiziqishida hech qanday g‘ayritabiiy narsa yo‘q. “Kimlargadir parovozlar, kimlargadir tanklar yoqadi”, deb aytdi Ort.

“Pantera” Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyada ishlab chiqarilgan tank bo‘lib, birinchi marta Kursk yoyidagi jangda qo‘llanilgan. Bir qator ekspertlarning fikricha, ushbu tank Ikkinchi jahon urushi paytidagi eng yaxshi nemis tanki va dunyodagi eng yaxshi tanklardan biri bo‘lgan.

Top