11:10 / 03.07.2015
3939

Quyichirchiqlik ikki dehqon Krasnodarga aldab olib ketildi

Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani Toshovul fermerlar uyushmasida dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan Gena va Artur bir kuni umumiy tanishlari Lochinbek bilan uchrashib qolishdi. Lochinbek ularni Rossiyaga yuborishini, u yerda dehqonlarga oyiga 250 dollar maosh berishini aytdi.
Oradan ma'lum muddat o‘tib, ular Rossiyaning Krasnodar o‘lkasiga yo‘l olishdi. Lochinbekning tanishi Rinat ularni Viktor ismli shaxsning qo‘liga topshirdi.
Gena va Artur Viktorning yerida uzoq oylar mehnat qilib, pul ololmadi, so‘ng Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzganliklari uchun O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Yurtiga qaytib kelgach, ular Lochinbek ustidan tegishli idoralarga arz qilishdi.
“Darakchi” gazetasining yozishicha, sud Lochinbek Abdufozilovga jazo tayinlashda uning shaxsini, muqaddam sudlanmaganligini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanishini, oilaviy sharoitini, qaramog‘ida bitta voyaga yetmagan farzandi borligini, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararning yarmidan ko‘prog‘i, Gena Tsoyga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini inobatga olib, tegishli muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Top