17:49 / 04.07.2015
12777

O‘zbek chegarachilari tojikistonlik chegara buzuvchilarga qonuniy asosda o‘q uzgani ma'lum qilindi

O‘zbekiston MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi Tojikiston bilan chegarada o‘q uzilishida inson huquqlariga rioya qilinmagani haqidagi fikrlarga nisbatan rasmiy munosabat bildirdi. Bu haqda 12news.uz xabar berdi.
 
"O‘zbekiston MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qiladiki, ba'zi internet saytlarida yozilganidek 25 iyun kuni O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida tojikistonlik chegara buzuvchilarning qo‘lga olinishida inson huquqlariga zid ravishda harakat qilinmagan. Ular qo‘shni davlat hududiga mol boqish uchun o‘tishga haqli bo‘lishmagan", deyiladi xabarda.
 
Matbuot xizmati xabarida ta'kidlanishicha, o‘sha vaziyatda chegara buzuvchilar qoramol boqib yurib, qo‘shni davlat hududiga o‘tishgan, chegarachilar esa O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida ish tutishgan.
 
Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni O‘zbekiston chegarachilari ikki nafar Tojikiston fuqarosini qo‘lga olgandi. Voqea Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani, Andarxon qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

MXX Davlat chegarasini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmatida ma'lum qilinishicha, qo‘lga olish jarayonida tojikistonliklar chegara naryadiga qarshilik ko‘rsatgan.

“Xavfsizlikni ta'minlash hamda huquqbuzarlarni qo‘lga olish maqsadida havoga ogohlantiruvchi o‘q otildi. Natijada Tojikistonning So‘g‘d viloyati Konibodom tumani Yakkaterak qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1985 yili tug‘ilgan T. Usmonov sonidan jarohat oldi”, – deyiladi xabarnomada.

Usmonov Beshariq markaziy tuman shifoxonasiga o‘rta og‘ir ahvolda yotqizilgan. Ikkinchi huquqbuzar – o‘sha tumanning Patar qishlog‘ida 1991 yili tug‘ilgan X. Qobilov esa qamoqqa olingan.

Top