20:06 / 04.07.2015
3244

Qozog‘istonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi mamlakatdagi telekommunikatsion xizmatlar narxining kamayishiga olib keladi

Qozog‘istonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi mamlakatning telekommunikatsion xizmatlar ko‘rsatish bozoriga xorijiy kompaniyalarni jalb qiladi.

Qozog‘iston 2,5 yildan keyin xorijiy kompaniyalarning mamlakatdagi telekommunikatsion kompaniyalar ustav kapitalidagi ishtirokining 49 foizlik cheklovini bartaraf qiladi. Bu haqda Qozog‘iston iqtisodiy integratsiya ishlari bo‘yicha vaziri Janar Aytjanova ma'lum qildi.

Vazirning ta'kidlashicha, Qozog‘istonning JSTga kirishi bo‘yicha olib borilgan muzokaralar jarayonida bu cheklovni “Kazaxtelekom” AJ uchun saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi.

“Milliy xavfsizlik manfaatlariga mos holda biz ushbu cheklovlarni “Kazaxtelekom” uchun saqlab qolamiz. Ya'ni, bu kompaniyada xorijiy kapital 49 foizdan osha olmaydi, qolgan kompaniyalardan esa JSTga kirilgan sanadan 2,5 yildan keyin bu cheklovlar olinadi”, deb aytmoqda Aytjanova.

“Buni nima beradi? Bu mamlakat telekommunikatsion xizmatlar bozoriga xorijiy kompaniyalarni jalb qiladi, xizmatlar sifatini yaxshilaydi, assortimentning ko‘payishi hamda telekommunikatsion xizmatlar narxining kamayishiga olib keladi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Janar Aytjanova.

Top