22:50 / 05.07.2015
2778

Nazarboyev Qozog‘iston bilan Rossiya o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar boshqa hech kimda yo‘qligini aytdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning fikricha, Qozog‘iston bilan Rossiya o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar boshqa hech kimda yo‘q.

“Mening fikrimcha, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi bunday yaqin, ishonchli munosabatlar hech kimda yo‘q. Sobiq ittifoq parchalanib ketgan 1991 yildan beri bu munosabatlarga hech qanday dog‘ tushmagan”, deb aytdi Nazarboyev “Rossiya 24” telekanalining “Formula vlasti” ko‘rsatuviga bergan intervyusida.

Nazarboyev, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashi evaziga tashkil etilganligini ta'kidlab o‘tdi.

“Avvalambor Qozog‘iston va Rossiyaning istagi bilan yaratilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – bu to‘g‘ri integratsiya va biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanmoqdamiz”, deb ta'kidlamoqda Qozog‘iston prezidenti.

Shu bilan birga Nazarboyev kelajakda ushbu ittifoq haqiqatda “Yevropa va Osiyo” bo‘lishini aytmoqda.

“Yevropa Osiyosiz yashay olmaydi, Yevropaga Rossiya, Qozog‘iston, bizning zaxiralarimiz kerak. Bizga ularning fani, texnologiyalari kerak, ya'ni biz bir-birimizni to‘ldiramiz va men payti kelib Yevroosiyo ittifoqi haqiqatda Yevropa va Osiyo bo‘lishiga ishonaman. Hozirdayoq shunga qarab ketilmoqda”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Nazarboyev.

Top