16:53 / 05.07.2015
8550

Nursulton Nazarboyev o‘zining 75 yillik yubileyini qanday kutib olishi haqida so‘zlab berdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev "Rossiya 24" telekanali, "Formula vlasti" ko‘rsatuvi boshlovchisi Mixail Gusman bilan suhbat vaqtida bir qator savollarga javob berdi.

"Prezidentlik lavozimi katta mas'uliyatni talab qiladi. Boshqa har qanday lavozimlardagidan ko‘ra kattaroq mas'luliyatni talab etadi. Menda va boshqa prezidentlarda ish kuni bo‘lmagan kun yo‘q. Dam olish kunlarida ham, ta'tillarda ham, kunduzi ham, tunlarda ham ish bilan band bo‘lish kerak", deydi Nazarboyev.

U 6 iyul kuni 75 yoshga to‘ladi va suhbat davomida bu sana haqida ham alohida eslab o‘tildi.

"Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, bu kunni juda yuqori kayfiyatda qarshi olaman. Xudoga shukrki, mamlakatimizda tinchlik hukmron. Bu yilda shaxsiy hayotimda ham, siyosiy faoliyatimda ham yutuqlarga erishdim. Qozog‘iston prezidentligi uchun navbatdagi saylovda g‘alaba qozondim. Bu esa albatta kayfiyatim a'lo darajada bo‘lishini ta'minlaydi. Har qanday siyosatchi bilan shunday bo‘lishi tabiiy", deydi Qozog‘iston rahbari.

"75 yosh arafasida turibman. Yoshligimizda misoli bir durbin tutib, faqat oldinga qarardik. Endi vaqti kelib, shu durbin bilan ortga ko‘p yuzlanamiz. Vaqt tez o‘tgan, o‘tmishdan juda ko‘p yorqin xotiralar qolgan. Lekin hali tugallanmagan ishlarimiz ham bor", deydi u.

Nazarboyev o‘z xotiralaridan biri sifatida Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarini eslaydi.

"Otam har kuni tongda ishga ketarkan, meni uyg‘otib yubormaslikka, ayashga urinardi. Onam ham menga o‘zining bor mehrini bergan. Men ulardan olingan energiya bilan haligacha ishlab kelyapman", deydi Nursulton Nazarboyev.

Ma'lumot uchun, Qozog‘iston prezidentining otasi Abish Nazarboyev (1903-1971) o‘zi mansub bo‘lgan jamiyatning eng ilg‘or kishilaridan bo‘lib, qozoq va rus tillaridan tashqari, bolgar tili va madaniyatini o‘rgangan. U qozoq milliy qo‘shiqlarini mahorat bilan ijro etgan. Prezidentning onasi Aljan Nazarboyeva esa 1910 yilda dindorlar oilasida tug‘ilgan.

Nursulton Nazarboyevning rafiqasi Nazarboyeva Sara Alpisovna mutaxassisligi bo‘yicha iqtsiodchi-muhandis hisoblanadi.
Ularning oilasida 3 nafar qiz farzand, Dariga, Dinara hamda Aliya tug‘ilib, tarbiyalangan.
Nursulton Nazarboyevning 8 nabirasi hamda 2 evarasi mavjud.

Top