14:05 / 06.07.2015
5646

“Shayx Zayniddin” jome masjidida xatmona 7 iyulga belgilandi

Ramazon Qur'on oyidir. Bu qutlug‘ oyda Qur'oni Karim nozil bo‘lgan. Nabiy alayhissalom bu oyning har kechasida Jabroil alayhissalom bilan birgalikda Qur'oni karimni takrorlab, mustahkamlab olardilar. Vafot topadigan yillarida esa Allohning kitobini bu ulug‘ farishta nazoratlaridan ikki marta o‘tkazib olganlar. U zot Ramazon oyida Qur'on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirar edilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning yo‘llarini mahkam ushlagan salafi solihlarimiz bu oyda Qur'onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi. Ulardan ayrimlari xatmni har besh kunda tugatsalar, boshqalari uch kunda xatm qilardilar.
Xabaringiz bor ayni kunlarda mamlakatimizdagi ko‘plab jome masjidlarida Qur'oni karim xatm qilinmoqda. Poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida ham 17 iyun sanasidan taroveh namozlari boshlanib, unda Qur'oni Karim tilovat qilinmoqda. Yaratganga shukrlar bo‘lsin, shu kunga qadar Hasan qori va Nasrulloh qorilar Qur'oni Karimning 28 juzini tilovat qilib bo‘lishdi. Jome masjidda Qur'oni Karim 7 iyul, ya'ni ertaga xatm qilinishi rejalashtirilgan. Duolar ijobat bo‘ladigan onlar, ulug‘ lahzalardan bahramand bo‘ling!

“Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati.

Top