18:10 / 07.07.2015
2638

Belarus ShHTning g‘arbiy yo‘lkasiga aylanishga tayyor

Belarus 2009 yildan buyon Shanxay hamkorlik tashkilotida muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga ega, ammo shu kunlarda kuzatuvchi darajasigacha ko‘tarilishga intilmoqda. Belarus tashqi ishlar vaziri Valentin Ribakov TASS muxbiriga bergan intervyusida mamlakatning tashkilot tarkibidagi faoliyatining keyingi istiqbollari haqida gapirib berdi.
Uning ma'lum qilishicha, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga ko‘ra BRIKS, ShHT va YeII davlatlari yetakchilari bilan autrich formatida uchrashuvlar o‘tkazish uchun Ufaga tashrif buyurgan. Ammo u bevosita sammitda ishtirok etmaydi, negaki bu tashkilot hujjatlarida ko‘zda tutilmagan.
“Muloqot bo‘yicha hamkor va kuzatuvchi maqomlarining farqi shundaki, kuzatuvchi ko‘proq oliy darajali tadbirlarda ishtirok etadi. Ulardan eng asosiylari davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishlari ochilishi, tashqi ishlar vazirlari ochiq yig‘ilishlari va boshqalardir”, – dedi Ribakov.
“Bizning davlatimiz ShHT bilan bevosita chegaradoshdir. Tashkilotga a'zo barcha davlatlar bilan biz yuqori darajali aloqalarni saqlab turibmiz. Jumladan, Rossiya bilan ittifoqchi, XXR bilan esa strategik hamkormiz, – so‘zida davom etdi siyosatchi. – ShHT doirasida xavfsizlik, iqtisodiy, gumanitar sohalardagi hamkorlik nafaqat Osiyo, balki kengroq geografik miqyosda ham ahamiyatlidir. Belarus tashkilotning to‘laligicha Yevropada joylashgan yagona a'zosi bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi bilan ochiq chegaralarga ega, shu bois ShHTning boshqa hududlarida bo‘lganidan tahdid va qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan. Bundan tashqari, Osiyo va Yevropa orasidagi strategik muhim o‘rinni egallagan Belarus ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, bunda o‘z tranzit, sanoat va ilmiy salohiyatidan foydalanishga tayyor. Darhaqiqat, biz Yevropa davlati sifatida ShHTning g‘arbiy yo‘lkasiga aylanishga va tashkilot faoliyatiga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz”.

Top