16:22 / 07.07.2015
22286

Chingizxon tug‘ilgan joy YuNeSKO butunjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritildi

Mo‘g‘ulistonning shimoli-sharqidagi Burxan-Xaldun tog‘ massivi YuNeSKO butunjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritildi. Montsame axborot agentligining ma'lum qilishicha, Butunjahon merosi qo‘mitasiga a'zo davlatlar vakillarining ko‘pchiligi bu tashabbusni yoqlab chiqqan.
Burxan-Xaldun tog‘i qadimdan muqaddas joy hisoblanib, mo‘g‘ullarning mifologik qarashlarida markaziy o‘rin tutadi. Afsonaviy sarkarda va davlat arbobi Chingizxon (1155-1227) shu tog‘ etagida tug‘ilgan hamda vafot etgan, deb hisoblanadi. Taqvodor mo‘g‘ullar ushbu tog‘ etaklariga ziyoratga boradilar. Uning atrofida “obo” deb ataluvchi toshli piramidalar yasash odati bugungi kunga qadar tirik. Burxan-Xaldun meditatsiya uchun ham eng samarali joy hisoblanadi.
Ammo, aytilishicha, Butunjahon merosi qo‘mitasining qaroriga joyning bunday xususiyatlari emas, balki Chingizxon nomi bilan bog‘liqligi sabab bo‘lgan.
XIII asrga oid “Mongolun niucha tobchan” (Mo‘g‘ullarning maxfiy tarixi) tarixiy kitobida yozilishicha, tog‘ massivi Mo‘g‘ul imperiyasi asoschisi hamda uning oilasi bilan bog‘liqdir. Buyuk xonning ajdodlari aynan shu tog‘ yonbag‘rida ko‘chmanchi turmush kechirishgan, uning kindik qoni ham shu hududlarda to‘kilgan. Chingizxon hamda uning merosxo‘ri, kichik o‘g‘li Tuluning qarorgohi Burxan-Xaldunda joylashgan. O‘nlab yillar mobaynida Chingizxonning qabri maxsus minglik qo‘shin tomonidan qo‘riqlab kelinga. Sekin-asta uning qabri qayerda joylashgani haqidagi xotira unutilgan va bugungi kunga qadar noma'lum bo‘lib qolmoqda.
Bir necha yil muqaddam Chingizxon YuNeSKO tomonidan 2-mingyillikning eng buyuk sarkardasi deb tan olingan edi.

Top