14:03 / 07.07.2015
9176

Toshkentda “superkontrakt”dan 8 ming dollar ishlagan murabbiy jazolandi

Toshkent jismoniy tarbiya institutiga imtihon topshirib, tegishli ball to‘play olmagan abituriyent Sardor nimadandir umid qilib, uzoq muddat hujjatlarini u yerdan olmay turdi. Ayni paytda Yashnobod tumanidagi ixtisoslashgan maktab-internatda futbol bilan shug‘ullanishda davom etdi.

Bir kuni do‘sti Shavkat uni o‘sha institutda ishlaydigan murabbiy tanishtirdi. Sardorning otasi Rashid hamda uning hamkasbi Ilhomlar murabbiy bilan qo‘shimcha kvota asosida farzandlarini o‘qishga olib kirish haqida kelishib, unga 8 ming dollar berishdi.
Murabbiy ushbu pullarni olib, o‘z manfaatlariga ishlatib yubordi. So‘ng hujjatlarni soxtalashtirib, bolalar o‘qishga kirganini aytdi va shartnoma pullarini to‘lash uchun qog‘ozlar berdi. Bu qog‘ozlarda uning o‘ziga tegishli “Xush kelibsiz” nomli firmaning hisobi ko‘rsatilgan edi.
“Na postu” gazetasida yozilishicha, shundan so‘ng u qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ygan. Tashvishga tushgan Rashid va Ilhomlar militsiyaga murojaat qilishgan. Qallob qo‘lga olinib, pullar egalariga qaytarilgan.

Top