21:27 / 07.07.2015
14281

Toshkentda qiz uchun talashib qolgan yigitlarning janjali qon to‘kilishi bilan yakunlandi

1994 yili tug‘ilgan Elyor Do‘stov Nigora ismli qiz bilan uchrashib yurar edi. Bir kuni u kechki payt qiz bilan uchrashish uchun Yunusobod tumaniga yo‘l oldi. Nigora unga peshvoz chiqdi, so‘ng yoshlar uy yaqinidagi xiyobonlardan biriga kirib, o‘rindiqqa o‘tirishdi.
Suhbat chog‘ida daf'atan qizning telefoni jiringlab qoldi. Xijolat bo‘lgan qiz telefonni darhol o‘chirib qo‘ydi. Bundan shubhalangan Elyor Nigorani so‘roqqa tuta boshladi. Qiz ham ko‘z yoshi aralash “eski yigiti” qo‘ng‘iroq qilganini tan oldi.
Elyor Nigorani uyigacha kuzatib qo‘ydi, ammo o‘zi xiyobon orqali uyiga qaytayotganida bu yerga o‘sha “eski yigit” – Xurramga duch keldi. Ikkovining dahanaki jangi mushtlashuvga o‘tib ketdi. Xurramga kuchi yetmasligini tushungan Elyor yonidan pakki chiqarib, uni Xurramning ko‘kragiga sanchdi. Xurramning uzoqdan qarab turgan do‘stlari tezda yetib kelishdi. Vaziyatdan foydalanib Elyor qochib ketdi, Xurram esa respublika tez tibbiy yordam markaziga yetkazildi.
“Ogoh” gazetasining yozishicha, Elyor Do‘stov qo‘lga olinib, og‘ir tan jarohati yetkazgani bois qamoq jazosiga hukm qilindi.

Top