13:18 / 09.07.2015
7715

Donald Tramp Rossiya bilan Snoudenning AQShga qaytarilishi yuzasidan kelisha olgan bo‘lishini ta'kidlamoqda

AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda Respublikachilar partiyasidan ishtirok etishini ma'lum qilgan milliarder Donald Tramp Rossiya hukumati bilan AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snoudenning AQShga qaytarilishi borasida kelisha olgan bo‘lishini ta'kidlamoqda. Bu haqda Tramp CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Mening fikrimcha, Snouden mutlaq xoin va men u bilan juda qattiq gaplashib qo‘ygan bo‘lardim”, deb aytmoqda Tramp va agar AQSh prezidenti bo‘lganida Rossiya hukumati bilan Snoudenning AQShga qaytarilishi borasida kelisha olgan bo‘lishini qo‘shimcha qilib o‘tdi. “Men Putin bilan kelisha olgan bo‘lardim, chunki men Rossiya bilan ishlar qilganman”, deb ta'kidlamoqda Tramp. Trampning ta'kilashicha, agar u Oq uy rahbari bo‘lganda Rossiya “hech qachon Snoudenga o‘xshaganlarni o‘zida ushlab turmagan va ularni darrov amerika sudiga topshirgan bo‘lardi”.

AQSh ma'muriyati hanuzgacha Snoudenning maxfiy hujjatlarni oshkor qilgani uchun sudga topshirish uchun AQShga qaytarilishini talab qilmoqda.

Snouden AQSh Milliy xavfsizlik agentligining elektron kuzatuv dasturlari haqidagi hujjatlarni OAVlarga topshirgan va 2013 yilning iyunida AQShdan Gonkongga qochib ketgan. Snouden Gonkongdan Moskvaga yo‘l olgan hamda u yerdan Ekvadorga ketmoqchi bo‘lgan. Biroq AQSh hukumati uning pasportini bekor qilgandan keyin Rossiyada qolgan. 2014 yilda Snoudenga uch yil muddatga Rossiyada yashash huquqi berilgan.

Top