13:03 / 09.07.2015
3580

Malayziya poytaxtida terakt amalga oshirmoqchi bo‘lgan ikki terrorchi qo‘lga olindi

Malayziya huquq-tartibot muassasalari IShID terrorchilik tashkiloti bilan aloqador bo‘lgan ikki nafar fuqaroni qo‘lga oldi. Politsiya boshlig‘i Xolid Abu Bakrning aytishicha, qo‘lga olinganlar Kuala-Lumpurda terakt amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilinmoqda.

Tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri – 28 yoshli erkak Yevropadagi IShID rahbarlaridan topshiriqlar olib turgan. Bundan tashqari, u o‘tgan yili Suriyada yo‘q qilingan malayziyalik terrorchi-xudkush Axmadorm Affandi Manaf bilan hamkorlik qilgan. Ikkinchi qo‘lga olingan 31 yoshli terrorchi o‘tgan yili Suriyada IShID safida janglarda qatnashib, yaralangandan keyin Malayziyaga qaytib kelgan. Ularni yashaydigan joylari tintuv qilinganda ekstremistik adabiyotlar va harbiy anjomlar sotib olinganidan guvohlik beruvchi cheklar topilgan.

Politsiya ikki gumon qilinuvchi 2014 yilning oxirida o‘zaro til biriktirgani haqidagi ma'lumotlarga ega. “IShID jangarilari o‘z rahbarlaridan mamlakatlarida teraktlar amalga oshirishga buyruq olayotganlari qattiq xavotir uyg‘otadi”, deb aytmoqda politsiya boshlig‘i.

Avvalroq Malayziya Ichki ishlar vaziri Ahmad Zohid Homidiy “154 nafar mamlakat fuqarosining IShID faoliyatiga aloqadorligi tasdiqlanganini” ma'lum qilgandi. Homidiyning aytishicha, ayni paytgacha 91 kishi qo‘lga olingan. Vazirning ta'kidlashicha, “boshqa davlatlar hududlaridagi jangovar harakatlarda kamida 45 nafar malayziyalik ishtirok etib, ulardan 11 nafari yo‘q qilingan”.

Top