17:47 / 10.07.2015
3142

25 yoshli qozog‘istonlik dasturchi o‘zining yarim yillik maoshini saratonga qarshi kurashish uchun xayriya qildi

25 yoshli qozog‘istonlik dasturchi Asxat Murzaboyev Buyuk Britaniyadagi Barclays bankiga ishga kirgach, yarim yil davomida ishlab topgan maoshini saratonga qarshi kurashish xalqaro markaziga topshirdi.

U o‘zining bu saxovati haqida bloger Bo‘ta Jumanovaga bergan intervyusida gapirib o‘tgan.

Murzaboyev yarim yilda o‘zining yangi ishida olgan maoshi 2 mln dollardan ko‘proq bo‘lganini tan olgan.

"Men saraton xastaligini dunyodagi asosiy muammolardan biri sifatida bilaman. Bu xastalikni davolash boshqa xastaliklarda bo‘lgani kabi oddiy emas. Men bu muammo bo‘yicha doktorlik ishi yoqlashni orzu qilardim. Lekin bu juda mashaqqatli ish ekanini bilaman. Buning uchun 6 yil davomida labaratoriyada tunashga va xastalikni o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Men bu ishni qila oladigan, shu ishga umrini bag‘ishlaydigan odamlarni juda hurmat qilaman. Bunday kishilar mendan ko‘ra kuchli va mendan ko‘ra dadil ekanini bilaman, shuning uchun ularga yordam berishni istayman", deydi Asxat.

Murazboyevning ta'kidlashicha, dunyoda ilm-fan rivoji uchun zarur darajada mablag‘lar ajratilmayapti. Shuning uchun u insoniyat muammolariga qarshi kurashda o‘z hissasini qo‘shishni istagan.

"Odamlar bir million ishlab olgach, ikkinchi millionni ishlashga kirishadi. Axir hayotda yashashdan asosiy maqsad pul ishlab topish emasku. Oldingga pul ishlab topishdan ko‘ra ancha yuqoriroq maqsadlarni qo‘yishing kerak. Men yangi foydali xizmatlar yaratishni maqsad qilganman. Odamlarga o‘z loyihalarim bilan foydam tegishini va bundan ozgina faxrlanib yashashni istayman", deydi yosh dasturchi.

U Qozog‘istonda bir katta zavod rahbari bilan suhbatdan keyin o‘zida shunday fikrlar paydo bo‘lganini qayd etib o‘tgan.

Top