10:45 / 10.07.2015
9832

Berdimuhamedov bir qator mansabdorlarning joyini almashtirdi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hukumatning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida bir qator kadr o‘zgartirishlarini amalga oshirdi.
Jumladan, Axal viloyatining hokimi M. Nurmammedov va butun viloyat rahbariyati almashtirildi. Uning o‘rnini Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Annageldi Yazmurodov egalladi.
Qishloq xo‘jaligi kompleksi uchun javobgar bosh vazir o‘rinbosari lavozimini Doshovuz viloyati hokimi lavozimidan ozod qilingan Esenmurot O‘rozgeldiyev egalladi.
O‘z navbatida, Doshovuz viloyati hokimligini O‘rozmurot Gurbannazarov egalladi. Ilgari u Davlat oziq-ovqat sanoati birlashmasini boshqarib kelayotgan edi. Uning eski lavozimini o‘rinbosari Quli Quliyev egalladi.
Iqtisodiyot va taraqqiyot vaziri V. Abdulhakimov mansabidan chetlashtirildi. Uning o‘rnini shu paytgacha Turkmaniston Majlisi iqtisodiyot masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi lavozimida ishlab kelgan Yo‘ldosh Sheripov egalladi.
Shuningdek, ishda yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar tufayli G. Bayrammurodov qurilish va me'morchilik lavozimidan ozod qilinib, uning o‘rnini o‘rinbosari Chori Atayev egalladi.
Vazirlar Mahkamasi raisining moliya va iqtisodiyot tizimi uchun javobgar o‘rinbosari A. Go‘chiyev lavozimidan ozod qilinib, Balkan viloyati hokimi Beshimmurod Xo‘jamammedov uning o‘rnini egalladi. Viloyatga Turkmanboshi shahrining sobiq hokimi Durdi Durdiyev rahbarlik qiladigan bo‘ldi.

Top