20:18 / 10.07.2015
2813

BlackBerry kompaniyasi Android da ishlaydigan bir nechta smartfon yaratmoqda

BlackBerry kompaniyasi yilning ikkinchi qismida Android operatsion tizimida ishlovchi bir nechta smartfon chiqarmoqchi. DigiTimes portali sohada faoliyat yurituvchi tayvanlik manbalarga iqtibos keltirgan holda shunday ma'lumot bermoqda.

BlackBerry kompaniyasi Android-qurilmalar bozoriga chiqishi haqida iyunning o‘rtalarida ma'lum bo‘lgan edi. O‘shanda Android dan foydalanishni boshlash qarori “BlackBerry ning o‘z e'tiborini dasturiy ta'minot va qurilmalarni boshqarish vositalariga qaratish bo‘yicha strategisining bir qismi” ekanligi ma'lum qilingandi.

DigiTimes ning qayd etishicha, Foxconn Electronics, Compal Electronics va Wistron kompaniyalari BlackBerry ning Android asosidagi smartfonlarni ishlab chiqarishida unga hamkorlik qiladilar. Android-smartfonlarning dasturiy platformasiga kompaniyaning dasturlari va xizmatlari kiritiladi.

Android-modellarning paydo bo‘lishi BlackBerry qurilmalariga talabning oshishiga turtki berishi mumkin. Hozirda kompaniyaning mobil qurilmalar bozoridagi ishlari unchalik ham yaxshi emas. 30 mayda nihoyalangan moliyaviy chorakda BlackBerry 1,1 mln dona smartfon sota olgan, bu esa o‘tgan chorakka nisbatan 200 mingga kamroq smartfonni tashkil qilgan. BlackBerry ning uyali qurilmalar jahon bozoridagi ulushi 1 foizdan kamroqqa tushib ketdi, vaholanki bir necha yil avval kompaniya ushbu sohadagi yetakchilardan biri hisoblanardi.

Top