21:22 / 10.07.2015
7163

Misrlik mashhur aktyor Omar Sharif vafot etdi

Misrlik mashhur aktyor Omar Sharif 10 iyulda 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda AlArabiya kanali xabar bermoqda.

Omar Sharif 1932 yil 10 aprelda Misrning Aleksandriya shahrida dunyoga kelgan. Tug‘ilganda uning ismi Mishel Demitri Shalxub bo‘lib, nasroniy bo‘lgan. Biroq keyinroq u aktrisa Faten Xamamaga uylanish uchun o‘z dinini va ismini o‘zgartirgan.

Omar Sharif o‘zining aktyorlik faoliyatini 1954 yilda Misrning “Do‘zah osmoni” filmida suratga tushishdan boshlagan. Sharifning ingliz tilidagi ilk ishi “Arabistonlik Lourens” filmidagi (1962 yil) Sharif Alining roli bo‘lgan. Aktyor ushbu filmi uchun ikkinchi darajali eng yaxshi aktyor yo‘nalishida “Oskar” mukofotiga nomzodi qo‘yilgan va “Oltin globus” mukofotini olgan.

Omar Sharif shuningdek, “Doktor Jivago”, “Makkeyn oltini” filmlaridagi rollari bilan tanilgan.

Aktyor umumiy hisobda aktyorlik faoliyati davomida 60 dan ko‘proq filmda suratga tushgan.

Sharif 2003 yilgi Venetsiya kinofestivalida dunyo kinematografiga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin sher” mukofoti bilan taqdirlangan.

2015 yilning may oyida Sharifning Faten Xamama bilan turmushidan yagona farzandi Tariq Al-Sharif aktyorning Altsgeymer kasalligidan aziyat chekishini ma'lum qilgan edi

Top